Get Mystery Box with random crypto!

ADOLAT Gohi umr daryo, manzili osmon, Topmoq — yo‘qotmoqlik, | Ўқитувчилар

ADOLAT

Gohi umr daryo, manzili osmon,
Topmoq — yo‘qotmoqlik, yo‘qotmoq — topmoq.
Ohiriga yetib bo‘lmas hech qachon,
Ba'zi savollarning javobi so‘roq.

Dunyoni ne zotlar o‘tmadi so‘rab,
Ne zotlar hukmida bo‘lmadi zamon.
Gohi haqiqat deb, yolg‘onni o‘rab
Aytgan ne dohiyni ko‘rmadi jahon!

Baxt deya baxtsizlik otdilar toshni,
Urushlar bo‘lmadi, bo‘lmadi tinchlik!
Tinchlik deya qancha chopdilar boshni,
Bu qanday baxt edi, qanday ko‘rgilik!!!

Men — tarix, deguvchi ko‘p edi oniy,
Birgina lahzalik imzo qudrati.
Nahot bilmas edi bu dunyo foniy,
Nahot dars bo‘lmaydi o‘tmish ibrati.

Aslida hayotning bor o‘z hikmati,
Unda oddiy zotlar — xalq yashar hamon.
Ne-ne shohlardan-da, oliy himmati,
Iymon-la, yuksaldi Hazrati Inson!

Orzular quliga aylanib kimlar,
O‘tkinchi dunyoni o‘tdilar buzib.
Boylik, mansab deya ne-ne hokimlar,
Insoniy rishtani qo‘ydilar uzib.

Ammo olam turfa rangli mavjudot,
Unda mo‘jizalar ro‘y berar goh-goh.
Hatto o‘zgaradi butun koinot,
Tarix o‘zgarmaydi, u bunga guvoh.

Kuch — adolatda, haqiqat — ko‘zda,
Tafakkur — bilimda, sohibi oqil.
Hayot falsafasi aytilgan so‘zda,
Chinakam inson u, gar bo‘lsa odil.

Betartib olamda yashamas odam,
Har bir jamiyatning qonunlari bor.
Unda farovonlik, haq-huquqlar jam,
Ne bitilgan bo‘lsa, bo‘ysunish darkor.

"Bo‘ysunish" bizlarga "yot" demang aslo, —
Tan olish o‘zganing erki, baxtini.
Allohga bo‘ysungan qalblar — eng a'lo,
Egallar hatto qul Jannat taxtini.

O‘zbek qul bo‘lmagay hech kimga, illo
Allohdan o‘zgaga bosh egmagay ham.
Qachonki, bu zamin bo‘lgan istilo,
Lekin qalbi bo‘lgan Allohga qaram.

Islom bino bo‘lgan ulug‘ damlardan,
Xalqimning ustundek bordir hissasi.
Jaholat, falokat, og‘ir g‘amlardan,
Xaloskori bordir, bordir qissasi.

Buxoriy — payg‘ambar vorisi, olim,
Termiziy, Xorazmiy, Farobiylar bor.
Sino, Beruniylar ulug‘ muallim,
Ham dunyo, ham diniy bilimi bisyor.

Garchi fotih bo‘lsin Temur, Bobur ham,
Ular chin e'tiqod uchun kurashgan.
Mazlum musulmonlar uchun chinakam,
Adolat, haqiqat, tenglik so‘rashgan.

Navoiy nazmida nekbin naslida,
Oddiy xalq baxtini ayladi doston.
O‘ylamang, asari shohlar aslida,
Uning har bir so‘zi majozu chiston.

Eng buyuk qomus deb bilamiz Qur'on,
Hayot saodatin baxti kaliti.
Usiz qiyomatu bo‘ladi qiron,
Usiz buziladi yashash muhiti.

Qonunlar adolat, haqiqat ramzi,
Burch va huquqlarda barcha barobar.
Har ishda odillik bo‘lsa tarozi,
Bo‘lmas mazlumlaru, zolimlar rahbar.

Xalqim irodasi bitilgan qomus,
Adolat qonuni havodek zarur.
Unda erk, orzular, toptalmas nomus,
Insoniylik unda topadi zuhur.

Har bir fuqaroga kafolat — tenglik,
Go‘yo farzandiga ota-onadek.
Eng oliy qadriyat — maqsadi tinchlik,
Dunyoga ezgulik istaydi O‘zbek!

Ilm olmoqlikka berilgan imkon,
Najot ilmda deb, aytgan har qachon.
Kelajak haqida o‘ylarkan inson,
Shukrona keltirsa arzir begumon.

Inson hayotiga daxlsizlik bor,
SHamoldek erk qushi vatan sohibi.
Jamiyat baxtiga bo‘lib daxldor,
Yashasa bo‘lgani har bir noibi.

Ulug‘ sarbon o‘zing, o‘zing adolat,
Senda odamiylik topmish zo‘r qadr.
Yurtim ahli uchun bo‘lgin saodat,
Sen-la, baxtli bo‘lmoq keldi bu davr.


Hamid IKROM
Qo‘qon universiteti talabasi

«Ўқитувчилар» каналига аъзо бўлинг ва барчага улашинг
https://t.me/joinchat/AAAAAEXdusfFSr9BIO9Q6w