Get Mystery Box with random crypto!

Kechasi shukr qilib uyquga ketmoqdamiz. Ko'zlarimizni yumishda | الجنة 𝑝𝑎𝑟𝑎𝑑𝑖𝑠𝑒

Kechasi shukr qilib uyquga ketmoqdamiz. Ko'zlarimizni yumishdan oldin "Allohim, ertaga O'zing sog' salomat holda uyg'ot", deya duo qilamiz. Ertalab bomdod namoziga ko'zlarimizni ochamiz yoki namozni ham o'tkazib yuborib uxlab qolamiz. Uyg'ongach, ota-onamiz, jigarlarimiz bilan kulishib, ertalabki nonushtani qilamiz. Ba'zida esa, ota-onamizning tortishayotganlarini eshtib qolib uyg'onamiz. Muhimi, ularning ovozlari quloqlarimiz ostida jaranglab turibdi. Ba'zan, opa-singil, aka-ukalarimiz bilan nimalarnidir talashib, urishib qolamiz, lekin ular bilan gaplasha olyapmiz, yonimizda ular. Tanbehlarni eshitsak-da, jigarlarimiz bilan birgamiz. Yaqinlarimiz bilan urishib qolamiz, "Ertaga yarashib olarman, uzr so'rayman yoki uni uzr so'rashini poylayman, axir ayb unda-ku", deya uyquga ketamiz, ertasi kuni esa, o'ylaganimizdek, yarashib olamiz yoki yana kunlar o'tishini poylab yuramiz. Biror yegulikni ertaga olib qo'yamiz, ba'zan rizq ketidan quvib yuramiz, axir insonmiz-da... Ertani kelishini kutib, bugunini unutadiganlardanmiz. Bugungi tavbalarni doim ertaga qoldiradigan, yaqinlarimizga bugun aytmoqchi bo'lgan gaplarni "Ertaga aytarman, kun borku", deydiganlardanmiz... Bilmaymiz-ki, ba'zan erta kelmasligini yoki ertaga u yaqinlarimiz yonimizda bo'lmasligini...

Atrofdagi bo'layotgan hodisalar ba'zilarimizga hech qanday ta'sir o'tkazmayapti, ayrimlarimizni esa ibrat olishga, o'ylashga, tafakkur qilishga sabab bo'ldi va bo'lib kelmoqda. Ijtimoiy tarmoqlarda xabarlarni ko'rib, ham Allohning buyuk qudrat sohibi ekanligini, Uning "Bo'l!" deyishi bilan jonlar omon qolishi va insonlar qo'li bilan yaratgan ulkan binolar qulashini guvohi bo'ldik... Uning birgina so'zi bilan dunyo yaralishi hamda hech bo'lmagandek tugashini his qildik. Ertani kelishini intizorlik bilan kutib, ba'zan ertaning Uning fazli ila tamoman boshqacha kelishini ko'rdik...

Ularning o'rnida biz, ota-onamiz, jigarlarimiz, birodarlarimiz bo'lishi mumkin edi. Yig'layotgan, qo'lidagi pechenyelarini farzandlari topilishi bilan ularga yedirmoqchi bo'lgan ota bizning otamiz bo'lishi mumkin edi. Ro'moli yo'qligi sababli "Tashqariga chiqmayman, menga ro'mol bering", degan qiz biz bo'lishimiz mumkin edi. Farzandlarini qutqarolmasdan, juftidan uzr so'rayotgan ota, uning so'zlarini qalbi yonib tinglayotgan ona - bizning onamiz bo'lishi mumkin edi. Bir qiz farzandini o'limini ko'rgan va "Ikkita qizim ham bir xonada uxlashar edi, hech bo'lmasa, ikkinchisini qutqaring", degan ota bizning otamiz bo'lishi mumkin edi. Tug'ilishi bilan onasiz qolgan yetim go'dak - bizning farzandimiz bo'lishi mumkin edi... Boshpanasi bo'lgan qadrdon uyi - endi o'z ustiga qulashini hech ham o'ylamagan insonlarning o'rnida balki biz bo'lishimiz mumkin edi...

Bizni yana tafakkur qilishga undagan, yana qayta-qayta imkon berayotgan Allohim... Sening huzuringdan yana Sening huzuringga qochayotgan bandalaringni gunohlaridan o't...

O'ttiz, ellik soatlab tor joyda qolib ketgan bandalarini O'z qaramiga olgan, O'zi omonlikda saqlagan Robbim... Har nega qodirsan... O'zing qullaringni omon saqla, hech bir ota-onaga farzand dog'ini chektirma, murg'ak go'daklarni ularsiz qoldirma, Allohumma Amiyn...

@paradise_pg