Get Mystery Box with random crypto!

​​Og'zi qiyshiq bo'lsa ham... Shu kunlarda aholining katta qi | Panja ortida...(UYDA yoting!!!)

​​Og'zi qiyshiq bo'lsa ham...

Shu kunlarda aholining katta qismi oliy ta'lim muassasalariga kirish imtihonlari tartibi va tizimdagi yangiliklar bilan qiziqmoqda. Chunki karantin davrida kutilgan, kutilmagan o'zgarishlar bo'lishi tabiiy hol.

Jumladan, hozirgi paytda hammaning og'zida bo'lgan imtiyozlar masalasi og'riqli nuqtaligicha qolmoqda. Negaki yillar davomida bir maqsad sari intilib, o'zi qiziqqan kasb egasi bo'lish uchun kerakli fanlarni o'qib kelgan bilimli abituriyentlar uchun bu yoqimsiz bo'lishi aniq.

Xo'sh endi savol tug'iladi, nima uchun ayrim toifa vakillari o'qish uchun imtiyozga ega bo'lishlari kerak? Masalan, harbiylar va ichki ishlar xodimlarining farzandlari. Ularning boshqa oddiy insonlardan ustun jihati nimada? Dehqonning, o'qituvchining, shifokorning farzandi uchun berilmaydigan imtiyoz, nega aynan ularga berilishi kerak?
Axir Konstitutsiyamizning 18-moddasida barcha fuqarolarning teng huquqli ekanligi belgilab berilganku.

Bular yetmaganday yana "Zulfiyachilar" va "Mard o'g'lonlar" ham xohlagan ta'lim dargohlariga imtihonsiz qabul qilinish imkoniyatiga egalar. Nima endi qolgan bolalarning aybi, she'r yozishni bilmagani, birorta sport turi bo'yicha chempion bo'lmagani, otasi harbiy emasligi-yu o'zi boshini kitobdan ko'tarmay, faqat o'qiganimi?
Bular dengizdan tomchi xolos...

Qiziq. Shu kabi qarorlar qabul qilayotgan mas'ullar insonparvarlik va ijtimoiy adolat kabi tushunchalar haqida ma'lumotga egamikin? Menimcha ular o'sha mansabga ham qandaydir tog'alari, yoki amakilarining "imtiyoz"lari evaziga erishishgan.

Xullas, farzandingiz oliy ma'lumotli bo'lishini qattiq xohlasangiz yo harbiy bo'ling, yo ularni biror sport yoki badiiy-ijodiy to'garaklarga bering, o'zlari xohlashmasa ham. Iqtidorlari-yu qiziqishlariga to'g'ri kelmasa ham. Chunki, bilimli bo'lgandan ko'ra "imtiyozli" bo'lish oliy ta'limga kirish uchun muhimroq, bizning davlatda.

Xulosa o'zingizdan...

E'tiroz va takliflar uchun:
@panja_ortida_bot

@panja_ortida