Get Mystery Box with random crypto!

2023-yilgi Osiyo kubogiga tayyorgarlikni davom ettirayotgan Oʻ | Futbol Uzbekistan • Superliga

2023-yilgi Osiyo kubogiga tayyorgarlikni davom ettirayotgan Oʻzbekiston yoshlar terma jamoasi kecha Slovakiyaga qarshi oʻyin oʻtkazdi. Ravshan Haydarov jamoasiga oʻquv-mashg‘ulot yigʻinlari orqali reja asosida yurtimizda boʻlib oʻtadigan qit’a birinchiligida munosib ishtirok etish vazifasi qoʻyilgan.

Rejaga jismoniy tayyorgarlik bilan bir qatorda oʻquv-teoriya mashgʻulotlari ham kiritilgan. Bugun Oʻzbekiston futbol hakamlari markazi mutaxassislari ishtirokida maxsus seminar tashkil etildi. Unda yosh sportchilarimizga zamonaviy futbolga kirib kelayotgan yangi qoidalar amaliy keyslar yordamida tushuntirildi.

Seminarda ishtirok etgan O‘FA birinchi vitse-prezidenti Ravshan Irmatov yoshlar bilan suhbatda futbolga kundan kunga yangi qoidalar kirib borayotgani, uning qoidalarini toʻliq bilmagan jamoaning gʻalaba qozonish imkoniyatini pasayishi mumkinligini ta’kidlab oʻtdi. Qayd etilishicha, endilikda barcha terma jamoalarga soʻnggi futbol qonun-qoidalari boʻyicha videomateriallar orqali tushuntirishlar berib boriladi.

“Har bir futbolchi qonun-qoidalarni yaxshi bilishi sariq va qizil kartochkalarni kamroq olishiga xizmat qiladi. Tahlil qiladigan boʻlsak, soʻnggi oʻyinlarda oʻzbekistonlik futbolchilarimiz koʻproq qizil va sariq kartochkalar olib, maydondan chetlatilmoqda. Aslida bizning futbol mentaliteti qoʻpol oʻyin asosiga qurilgan emas. Biroq bular shuni koʻrsatadiki, yoshlarimiz yo qoidani yaxshi oʻzlashtirmagan yoki psixologik jihatdan tayyor emas. Agressiv futbol kerak, lekin barchasini qoidaga muvofiq bajarish, jamoani qiyin ahvolga solib qoʻymaslik, provakatsiyaga uchmaslik talab etiladi. Oldimizda muhim turnir kutib turibdi. Bu kabi qoidalarni har bir futbolchi toʻliq oʻzlashtirsa, jamoani qiyin ahvolga solib qoʻyish mumkin boʻlgan har qanday koʻngilsiz hodisalarning oldi olinadi”, dedi Irmatov.

Seminar davomida yakkakurashlarda toʻgʻri harakatlanish, havodagi bahslarda qoʻpollik ishlatmasdan toʻpni olish, uchrashuv paytida hakam bilan muloqot qilish va ogohlantirishdan soʻng oʻzini tutish boʻyicha kerakli maʼlumotlar berildi. Mutaxassislar bir qancha vaziyatlarni namoyish etib, bu borada futbolchilar bilan savol-javob oʻtkazdilar.

Maʼlumot uchun, bu kabi seminarlar barcha yosh toifasidagi terma jamoalar uchun tashkil etilishi rejalashtirilgan.

@OZBEKISTON_FUTBOLI