Get Mystery Box with random crypto!

* * *  Umr — qumsoat ham  yarimlab qoldi,  ko‘nglim to‘lgan | Otabek Javmirov

* * * 
Umr — qumsoat ham 
yarimlab qoldi, 
ko‘nglim to‘lgani yo‘q bilganlarimdan. 
Yodimni og‘ritar kechirganlarim, 
ko‘pdir qilmaganim qilganlarimdan. 
Kechalar tobora oydinlashadi, 
ko‘zingda quyoshning chechagi so‘lmas, 
yashaging keladi, 
faqat umrni
qumsoat singari to‘nkarib bo‘lmas. 
Go‘zallar yodimdan o‘chdilar bir-bir, 
do‘stlarim bag‘rimdan ko‘chdilar bir-bir, 
yillarim uzilib tushdilar bir-bir, 
faqat bu ko‘ngilni
to‘ldirib bo‘lmas. 
Kun keldi, 
ohlaring uchadigan kun, 
yuraging olamga sig‘maydigan kun, 
yuzingni bosgancha yerning yuziga, 
silkinib-silkinib yig‘laydigan kun. 
Kimni baxtli qildim, 
kimni umidvor, 
kimlarga ko‘nglimni yorib so‘yladim. 
Qo‘limni berdimmi moziy qa’ridan
cho‘zilgan sanoqsiz ojiz qo‘llarga?! 
Quyosh daldasida egilganlarning
yengilroq qildimmi og‘irligini? 
Aytdimmi kimlarning asl do‘stligin, 
kimlarning haqiqiy yog‘iyligini?! 
Kun keldi, 
boshingni egadigan kun, 
hattoki o‘zgalar gunohi uchun
yuzingni bosgancha yerning yuziga, 
silkinib-silkinib yig‘laydigan kun. 
Mendan nima qolur, 
abadiy nurlar
barq urib yashnagan dunyo tomonda? 
Urinib-surinib, sira to‘lmagan
bir ko‘ngil qoladi
qolsa ham mendan. 

Shavkat Rahmon

@Otabek_Javmirov