Get Mystery Box with random crypto!

VAHIMALARGA ISHONMANG, ULARNI ASLIDA DANGASALAR O‘YLAB TOPISH | 🌨️𝐎𝐬𝐦𝐨𝐧𝐥𝐚𝐫𝐝𝐚🌨️.

VAHIMALARGA ISHONMANG,
ULARNI ASLIDA DANGASALAR O‘YLAB TOPISHADI

Hali grip, hali qor sovug‘i bilan qo‘rqitib, bolalarimizni  ta’limdan uzoqlashtiribgina qolmay, qo‘rqoq, chalasavod, dangasa avlodni tarbiyalashga hissa qo‘shyapmiz. Yov kelsa qochadigan, vahimakash, latta, befarq o‘g‘lonlar  jamoasi shakllanishiga poydevor yasayapmiz.
Bolaligimizdagi taxmondek qorlar oldida bu yog‘ingarchilik supradek gap. Qor qalin yog‘ibdi, o‘qishga bormayman, deyish hatto eng ikkichi o‘quvchining ham xayoliga kelmasdi. Va bilardikki, bu gapni aytsak onamiz shunday o‘qrayardilarki,  hozirgi ta’lim vazirlarida bunaqa nigohning yuzdan biriyam yo‘q. Maorifning jiddiyligini onamning ana shu - yurakni teshib o‘tuvchi qarashlaridan anglardik.
Hozirgidek katta, keng avtobuslar qayoqda, biror mashina o‘yib ketgan izdan turnadek chizilib 3 km uzoqlikdagi maktabga piyoda otlanardik. Sinfxonalardagi cho‘yan pechkaga ertalab bir marta yoqilgan ko‘yi boshqa o‘t qalanmasdi. Sovuq xonalarda paltolarda o‘tirsakda darsga berilganimizdan sovuqniyam,  ust boshimizniyam qalinligini sezmasdik.
Darsdan so‘ng ham uyda o‘tirish qayoqda, uy yumushlariini qilardik, nafaqat hovlining, tomning ham qorini kurardik, biror odamning sovuqda maktabga borgani uchun yo  tomdan yiqilib o‘lganini eshitganimiz yo‘q.
Kasalliklarga chidamlilik, immunitetni ko‘tarishda bunday tabiatning koni foydaaku axir?! O‘pka, yurak, nafas olish tizimini mutahkamlashda, kislorod bilan ta’minlashda, qon aylanishini yaxshilashda hissasi beqiyos. Qorda yurish – tekin va foydali sport mashqidir. Aslida – bugungi qish anomal emas, normal qish hisoblanadi. Qishning boshlanishi mana shunday bo‘ladi. Buzilgan ekologiyamiz tiklanayotganidan, Alloh bizga ne’matlarini qayta yuborayotganidan, necha yillardan beri miriqib kerishmagan ona zaminga bu imkoniyat berilganidan xursand bo‘lishimiz kerak. Tashqi sovuq qancha ortsa insonning ichki kurashuv imkoniyatlari shuncha kuchayadi, faollashadi. Bolalarimizni sovuqdan asrash uchun uyga qamash chora emas, balki taomnomasiga e’tibor berishimiz kerak. Fast-fudlar, pisalarni emas, energiyani oshiruvchi, yuqori kaloriyali – baliq va baliq mahsulotlari, tuxum, qo‘y go‘shti va hayvon yog‘laridan tayyorlangan ovqatlarni ko‘proq yedirishimiz kerak.   
Yana bir fakt – sovuq kunlarda axborotlar esda yaxshi qoladi, fanlar yaxshi o‘zlashtiriladi. Kanikulning yozda berilishi bejizga emas, tuzuk mutaxassislarning maslahatiga tayanilgan qaror u, chunki jazirama kunlarda o‘quvchida istak ham, samara ham kam bo‘ladi. Qish – mo‘minning bahori, bu fasl kitob o‘qish, takrorlash faslidir. Bugun farzandlarimga tayinlab chiqdim: darslaringgayam, sportlaringgayam boringlar, kechda qorbo‘ron o‘ynaymiz. Bu qorlar g‘animat, undan foydalanib qolaylik, erib ketmasidan. Faqat ko‘chada ketayotganda kattalarni qo‘lidan tutib yetaklashni, non ushoqlaringni qushlar uchun chekkaginaga sochib qo‘yishni unutmanglar.
Kim nima desa desin, e’tiqodim shunday -- ilm olish ibodatdir. Bu ibodatni bajarish  uchun ko‘chaga otlangan insonni Allohning o‘zi asraydi! Xuddi shunday ilm berish ham.
O‘qituvchilarni va bolalarimizni ta’lim berish va olish ibodatidan to‘smaylik! Ibodatlar faqatgina issiqda bajarilmaydi axir.

P/S. Gaplarimga qo‘shilsangiz skotchlangan derazalar haqidagi cho‘pchaklarni emas, mana shu postimni ulashing, ko‘plikda kuchmiz. Zora kimningdir ko‘zi ochilsa.

Nurxon ELMIRZAYeVA,
jurnalist.

Mushtum Jurnali