Get Mystery Box with random crypto!

Hoy, oq ilon, oppoq ilon, Oydinda yotganing qani? Sen-ku, meni | Kundalik

Hoy, oq ilon, oppoq ilon,
Oydinda yotganing qani?
Sen-ku, meni yomon, deding,
Yaxshini topganing qani?!

Hoy, oq ilon, oppoq ilon,
To'ningni tashlab ketma.
Olib-olib, menga yomon
Kuningni tashlab ketma.

Ana uning tili uzun,
Mening dilim uzundir.
Ana uning qo'li uzun,
Mening yo'lim uzundir.
Uzun-uzun ishonchlarim
Jon joyidan uzildi.
Yurakdagi ishonch uyi
Tiklanmasdan buzildi.

Hoy, oq ilon, oppoq ilon,
To'ningni tashlab ketma.
Olib-olib, menga yomon
Kuningni tashlab ketma.

Hoy, oq ilon, oppoq ilon,
Tishingdagi zaharmi?
Qon yigladim, men ko'p yomon,
Kuldirganing saharmi?

Eshiklarni yiglab yopdim,
Eshigingni yopgin, yor.
Men-ku, seni sevib topdim,
Sen Xudodan topgin, yor.

Hoy, oq ilon, oppoq ilon,
Oydinda yotganing qani?
Sen-ku, meni yomon, deding,
Yaxshini topganing qani?
Hoy, oq ilon, oppoq ilon,
To'ningni tashlab ketma.
Olib-olib, menga yomon
Kuningni tashlab ketma...

Xalq qo'shig'i/Zulfiya Mo'minova