Get Mystery Box with random crypto!

Yuzimiz egallab turibdi Kulgudan chizilgan naqshimiz Qalbimiz | SHIRIN ORZULARIM

Yuzimiz egallab turibdi
Kulgudan chizilgan naqshimiz
Qalbimiz kim ochib koʻribdi
Holimiz soʻrabsiz,yaxshimiz

Yuribmiz kun kabi yorishib
Gohida tashvishga qorishib
Ba'zida gʻam bilan olishib
Holimiz soʻrabsiz, yaxshimiz

Peshona ekanda nachora
Kulamiz dilimiz sadpora
Qilmaymiz dardimiz oshkora
Holimiz soʻrabsiz, yaxshimiz

Kun oʻtar bir tekis,bir xilda
Ozor bor,goh tanda,goh dilda
Yurakda boshqamiz,lek tilda
Holimiz soʻrabsiz, yaxshimiz

Kam emas biz kabi xokisor
Kim mehr,yana kim baxtga zor
Hammaning aytilmas dardi bor
Holimiz soʻrabsiz, yaxshimiz

Yosh emas,changlardan koʻzda nam
Odamzod boshida turfa gʻam
Jimdirmiz, ming ozor koʻrsak ham
Holimiz soʻrabsiz, yaxshimiz

Bizlarga hammasi yarashar
Bilmaslar havasla qarashar
Qachondir chindan hol soʻrashar
Holimiz soʻrabsiz yaxshimiz

Yuzimiz egallab turibdi
Kulgudan chizilgan naqshimiz
Qalbimiz kim ochib koʻribdi

HOLIMIZ SOʻRABSIZ...YAXSHIMIZ...

Zohid Ziyo


@orzularim_0922