Get Mystery Box with random crypto!

TA’ZIM SIZGA (O‘ZBEKISTON XALQ TA’LIMI XODIMLARIGA, BARCHA O‘ | Kanal yopildi!!!

TA’ZIM SIZGA

(O‘ZBEKISTON XALQ TA’LIMI XODIMLARIGA, BARCHA O‘QITUVCHILARGA BAGʻISHLANADI)

Garchi bugun sinovda ochun,
Ko‘rsatdingiz bilimning kuchin,
Sizga hamma - hammasi uchun,
Ta’zimdamiz ustoz, muallim!

Bilim olmoq dinimizda farz,
Sizdan aslo uzilmaydi qarz,
Jonfidolik - bu onlayn dars,
Ta’zimdamiz ustoz, muallim!

Chin insonlik hadisin o‘qib,
Gohi charchab, gohi miriqib,
Dars o‘tdingiz tomlarga chiqib,
Ta’zimdamiz ustoz, muallim!

Zar qadrini bilgan zargarsiz,
Moʻjizasiz, siz sehrgarsiz,
Siz biolog, siz kimyogarsiz,
Ta’zimdamiz ustoz, muallim!

Onlaynga bog‘lab hayotni,
Yodlatdingiz she’ru-bayotni,
O‘rgandik til - adabiyotni,
Ta’zimdamiz ustoz, muallim!

Ranjimang hech bizdan iltimos,
Sho‘xligimiz qiynadi biroz,
Siz tarixchi, siz huquqshunos,
Ta’zimdamiz ustoz, muallim!

Hayot lavhi emas bitiksiz,
Bitiklarda mudom yetuksiz,
Siz fiziksiz, matematiksiz,
Ta’zimdamiz ustoz, muallim!

Ko‘ngil - kitob, so‘z - tarbiyachi,
Siz hamisha yaxshi niyatchi,
Ilmiy mudir, ma’naviyatchi,
Ta’zimdamiz ustoz, muallim!

Kasblar ichra a’lo, mumtozi,
Bo‘lsin sizdan Alloh ham rozi,
Siz boshlang‘ich ta’lim ustozi,
Ta’zimdamiz sizga muallim!

Ko‘rdingiz siz, etmay sira kam,
Jug‘rofiya sirlarin baham,
«Dunyo kezdik» karantinda ham,
Ta’zim sizga ustoz, muallim!

Uyda qolib, dunyo sirini,
Va o‘rgandik olam elini,
Rus, ingliz, olmon tilini,
Ta’zim sizga ustoz muallim!

Sog‘lom tanga sog‘ aql ato,
Jismoniy mashq bo‘lmadi xato,
Onlaynda to‘p tepdik, hatto,
Ta’zim sizga ustoz, muallim!

Qalbimizda ajib bir titroq,
Bugun bizdan diydor xo‘b yiroq,
Chalinmaydi so‘nggi qo‘ng‘iroq,
Ta’zim siz ustoz, muallim!

Bo‘lsa hamki sinovda ochun,
Ko‘rsatdingiz bilimning kuchin,
Sizga hamma - hammasi uchun,
Ta’zimdamiz ustoz, muallim!