Get Mystery Box with random crypto!

“Yaxshiyam seni uchratdim” 2-QISM. ...Doim Umarni quchoqlab, | Koʻzimning nuri

Yaxshiyam seni uchratdim”
2-QISM.


...Doim Umarni quchoqlab, “Sen mening yuragimsan!” deydigan insonning bugun yuragi urishdan to‘xtagandi. Umar umrida birinchi marta yaxshi ko‘rgan insonidan ayrilishi edi. Nima qilishini bilmasdi? Aslida, bunday vaziyatda inson qanday holatda bo‘ladi? Baqirib yig‘laydimi? Devorlarni urishi, yerni tepishi kerakmi? Yo qorong‘u xonaga qamalib olib yig‘laydimi? Hech birini bilmasdi. Umar yaqin insonidan ayrilishlik og‘rig‘ini ilk bora tanasida his qilib ko‘rayotgandi. Bunga qanday qilib chidaydi? Bilmasdi...

Umarning ko‘z oldida otasini yuvishdi. So‘ngra kafanga o‘radilar. Mahmudbeyning yuzlari oppoq, lablari esa nim tabassum qilgancha qotib qolgandi. Umar otasining oldiga kelib, tiz cho‘kdi. Bu nurli yuzlarga so‘nggi marta to‘yib-to‘yib qarashni xohladi. Ko‘zidan yoshlari tomarkan, otasining qulog‘i tomon yaqinlashib, asta shivirlagancha gapira boshladi: — “Otajon, bu men, Umarman... Sizni hech qachon unutmayman! Yoshligimda yasab bergan varraklaringizni, yoz kunlari ikkimiz hovlida osmonga qarab, yulduzlarni tomosha qilgancha suhbatlashib, birga uxlaydigan kunlarimizni hech qachon unutmayman. Siz bilan o‘tgan har bir kunimni farzandlarimga, albatta, aytib beraman. Otajon, payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam aytganlar-ku: “Kishi jannatda yaxshi ko‘rganlari bilan birga bo‘ladi”, deb. Men sizni yaxshi ko‘raman, meni kuting, inshaalloh, jannatlarda uchrashamiz. Sizni juda sog‘inaman...”

O‘lim — dunyodagi eng chin narsadir. Odamlar esa xuddi o‘limni ko‘rganda ko‘zini yumib olganga o‘xshaydi. Hech o‘lmaydigandek yashaydi. Hech qachon yaqinlarini yo‘qotmaydigandek hayot kechiradi. Inson toqat qilolmayman, deb o‘ylagan narsalariga birpasda ko‘nikadi, chidaydi. Umar ham ko‘nikib yashayveradi. Ammo qanday? Sevgan insonini bir onda yo‘qotish azobini bir o‘zi xuddi to‘xtab qoladigandek zo‘rg‘a urayotgan yuragida qanday saqlab yashaydi?

*

Oradan yillar o‘tdi. Umar Mahmudbeyning vafotidan so‘ng butunlay boshqa insonga aylandi. Faqat zarurat tug‘ilgandagina gapiradigan, juda ham kam kuladigan bo‘lib qoldi. Doim odamlardan qochib yashadi. Oxiri ko‘rinmaydigan uzun yo‘llarga oshiq bo‘ldi. Kechalari pichirlab Robbisini zikr qilgancha xayolida nimalarnidir o‘ylab, uzoq yayov yurishni yaxshi ko‘rardi. Ertalab quyoshning chiqishiyu qushlarning sayrashi uning qalbiga o‘zgacha sokinlik va zavq berardi. Odamlarsiz ko‘chalarga, mayin shitirlab yog‘adigan yomg‘irlarga ko‘ngil qo‘ydi. Kitoblar eng yaqin do‘stlariga aylandi.

Hech qo‘lidan kitob tushmaydigan bo‘ldi. Deyarli har bir kitobda o‘zi haqida, atrofidagilar, ko‘rgan-eshitganlari to‘g‘risida nimadir bor edi. Avval uchratgan, lekin tushunmagan narsalarini eslab, ularning ma’nosini endi tushuna boshlagandi. Bu orada Umar institutga kirdi. Ammo bu ham unga hech ta’sirini o‘tkaza olmadi. Kursdoshlari bilan o‘zini yaqin tuta olmas, ular bilan gaplashishni, do’stlashishni xohlamasdi. Shuncha tengdoshlari orasida ham baribir o‘zini yolg‘iz his qilaverardi.

Kunlar shu zaylda bir-biridan farq qilmay, bir maromda o‘tib borardi. Butun dunyo ko‘zlariga zerikarli joy bo‘lib ko‘rinib ketardi. Rangsiz, oq-qora hayot ichra yashayotgandek his qilardi o‘zini go‘yo. To uni uchratmagunicha...

Davomi bor...