Get Mystery Box with random crypto!

Bizga 'hojatxona inqilobi' kerak Qaysidir tashkilot yoki amal | Alimoff

Bizga "hojatxona inqilobi" kerak

Qaysidir tashkilot yoki amaldor buni oʻz zimmasiga olishi va jiddiy shugʻullanishi kerak.

Koʻpchilik nomi hojatxona bilan assotsiatsiya boʻlib qolishni oʻylab, bunga jurʼat qilolmaydi. Ammo baribir kimdir buni boshlashi va asosiysi oxirigacha oborishi kerak.

Masalan, sobiq turizm vaziri Aziz Abduhakimov bu ishni yaxshi boshlagandi. Ayniqsa turizmni rivojlantirish maqsadida hech boʻlmasa“zapravkalar”da hojatxonalarni epaqaga keltirish tashabbusi boshladi. Bu haqda maxsus Hukumat qarori ham chiqdi, 2020-yil 1-martdan boshlab hojatxonasi sanitariya talabiga javob bermaydigan AGTKS, AGQS va AYOQSlarning faoliyat koʻrsatishiga yoʻl qoʻyilmasligi belgilandi. Oʻsha paytlarda reydlar oʻtkazilib, tualeti rasvo bo'lgan bir nechta “zapravkalar”ni yopishni ham boshlashdi. Bu masala bilan vazirlikda Muhayyo Hayitova masʼul edi. Jamoatchilik orasida koʻpchilik tanimaydigan bu ayol aholini sifatli hojatxonalar bilan taʼminlash, ahvolni yaxshilash uchun katta hajmli ishlarni qilganiga oʻzim guvohman.

Ammo keyinchalik buni ham negativ qabul qiladiganlar boʻldi. "Voy-dod, bular tadbirkorlikka qarshi, bizni ishlagani qoʻymayapti, “zapravkamizni” yopib qoʻyishdi" deb shantajlikka oʻtishdi. Vaholanki, shuncha daromad olayotgan noinsof va boyvachcha tadbirkorlar mijozlar uchun bitta normal hojatxona qilib bermadi.

Yoki internetda "Oʻzbekiston Hojatxona global sammiti boʻladi" degan xabarni ham qancha prikol qilishdi. Xarajatlari xalqaro tashkilotlar tomonidan qoplanadigan va davlat byudjetidan pul ketmaydigan ushbu sammitni tushunib-tushunmasdan rosa ustidan kulishdi.

Shu sabab boʻlibmi, kim bilsin, xullas, bu boradagi ishlar surʼati yana oldingidan ancha pasaydi. Hozirgi madaniyat va turizm vaziri Ozodbek Nazarbekov jamoat hojatxonalari mavzusini unutib qo'ymaydi, degan umiddamiz.

Maktablarga kelsak.

Oʻz vaqtida Xalq taʼlimi vaziri Sherzod Shermatov ham barcha maktablar hojatxonasini yaxshilash boʻyicha nimadir ishlarni boshlagandi. Sanitar sharoitlarga ega namunaviy hojatxona maketi yasalgandi. Barcha maktablarga ana shu maket asosida hojatxonalar qurishmoqchi edi. Unda suv saqlaydigan va isitadigan bachok, quyosh panellari bor edi, adashmasam. Narxi ham imkon darajada minimallashtirilgandi. Hukumat ham bu tashabbusni qoʻllab-quvvatlagandi.

Ammo nima sabab tufayli bilmadim, bu loyiha boshlanmadi (yoki faqat 1-2 ta joyda boʻlib, ommalashmadi). Budjetdan pul topilmadi shekilli.

Natijada haligacha oʻta rasvo va ahvoli nochor hojatxonalari bor maktablar juda koʻp. Ularning birortasiga na vazir, na hokimlar kirmaydi, ularning farzandlari ham unaqa maktablarga bormaydi.

Hozirgi maktabgacha va maktab taʼlimi vaziri Hilola Umarovadan ham bu mavzuda jiddiy tashabbuslar kutib qolamiz.

Tushunaman, hammasi oxir-oqibat pulga borib taqaladi, budjetdan pul topish esa doim ham vazirning qoʻlida emas. Ammo "sendan harakat, mendan barakat" deydi. Asosiysi puxta oʻylangan loyihalar, aniq reja va tashabbuslar boʻlsa, uyogʻi bir gap boʻlar. Byudjet pullarini birinchi navbatda taʼlimga qaratmasak, holimiz xarobligini doim aytamizu, ammo konkret pul ajratishga kelganda esimizdan chiqib qoladi.

Xullas, gapning poʻst kallasi, bizga "hojatxona inqilobi" kerak. Bu haqiqatdan inqilob boʻlishi va hozirgi holatni jiddiy oʻzgartira olishi kerak. Bunga tashabbus qilmoqchi boʻlgan amaldorlar esa nomi hojatxona bilan bogʻlanib qolishidan qoʻrqmasligi kerak. Bu ishning savobi va xalq uchun manfaati katta. Shuni unutmang.


@xushnudbek