Get Mystery Box with random crypto!

#QQS Nima uchun QQS to‘lovchining ofis maydoni 18 m² dan kam | NUMBERS - БУХГАЛТЕРИЯ ХИЗМАТЛАРИ

#QQS

Nima uchun QQS to‘lovchining ofis maydoni 18 m² dan kam bo‘lmasligi kerak

Vazirlar Mahkamasining 595-sonli qarori (22.09.2021) bilan tasdiqlangan nizomga muvofiq, QQS to‘lovchilarni soliq organlarida maxsus ro‘yxatdan o‘tkazishda soliq xavfi darajasini aniqlash maqsadida soliq organlari ularning joylashgan joyi manzilini o‘rganishga haqli.

Bunda mulk huquqi yoki ijara yoxud tekin foydalanish asosida bitta yuridik shaxsga o‘rtacha 18 m² dan kam ma’muriy maqsadlarda foydalanayotgan maydon (ofis) to‘g‘ri kelsa nominal manzil deb e’tirof etiladi.

O‘zbekistonda o‘rnatilgan shaharsozlik me’yorlariga muvofiq (“Jamoat binolari va inshootlari” ShNQ 2.08.02-09) ishchi xonalar va kabinetlar 1 shtat xodimiga kamida 6 m² maydon to‘g‘ri kelishi hisobidan loyihalanadi.

Yuridik shaxsning rahbari kamida 3 nafar xodimga ega bo‘lishi hisobga olinsa, binolarning (ofis) minimal maydoni 18 m² ni tashkil qiladi.

Ushbu me’yor real iqtisodiy faoliyatni amalga oshirmaydigan subyektlarni (xususan, bir vaqtning o‘zida bir nechta yuridik shaxs “ommaviy ro‘yxatga olish” manzilida ro‘yxatdan o‘tganligini) aniqlash maqsadida o‘rnatilgan.

Ta’kidlash joizki, bugungi kunda 149 371 ta QQS to‘lovchining:

99,5 %i ushbu mezonga tushmaydi;

0,5%i (742 ta subyekt) zaruratdan kam maydonga ega.

Vazirlar Mahkamasining 22.09.2021-yildagi 595-sonli qarorida nazarda tutilgan mezonlar faqat QQS to‘lovchilarini xavf guruhlariga ajratish uchun qo‘llaniladi va QQS to‘lovchisi hisoblanmaydigan yakka tartibdagi tadbirkorlar, o‘zini o‘zi band qilganlar, oilaviy korxonalar va yuridik shaxslarga qo‘llanilmaydi.

Bunda, ushbu mezonlar tadbirkorlik faoliyatini taqiqlash uchun asos bo‘lmaydi, balki faqat QQS to‘lovchisi maqomiga muvofiqlik ko‘rsatkichi bo‘lib xizmat qiladi.