Get Mystery Box with random crypto!

Ayolga shirin so'zni, Eri aytib turmasa, Katta xolasi kelib Ay | Noyob She'rlar |Rasmiy°

Ayolga shirin so'zni,
Eri aytib turmasa,
Katta xolasi kelib
Aytadimi bo'lmasa?

Hududin ajratadi,
Erkak bo'lmay o'larsan!
Bizning hududlargayam
Qo'l uzatib qolarsan.

Ikki kishilik yotoq,
To'shagimga, o'rtaga,
Atirguldan "ip" toprib
Bo'lvolaman jo'rtaga.

Erim: - Bu nima? -desa
Biroz hurpayib pati,
Aytaman: - Bu - tamojniy-
Chegara nazorati.

O'ng tomini - sizniki,
Chapi - mening hududim.
Nogoh sizning tomonga,
O'tib ketmasin qo'lim.

Ehtiyot bo'lib yoting,
Tikani bor, bilasiz.
Menda ishingiz bo'lsa,
Viza bilan kirasiz.

Hali jahli chiqadi,
Deydi: - Bu nima qiliq?
Deyman: Endi yashaymiz,
Qoidali, sip-silliq.

Desa agar: - Yig'ishtir!
Deyman: - Janob, urmang do'q.
Muxabbat vizasisiz,
Bu tomonga o'tish yo'q.

"Seniki-meniki"mish,
Noshukur, mullagarang.
Kech kirsa, qaysi go'rda
Qolar ekan chegarang.

Shunday ekan, yashayver,
Qilmasdan g'iring-piring.
Endi, baribir boshqa,
Uylanishga kechikding.

Bu yog'i qancha qoldi?
Yerga urmay, poshnagni,
Holin ko'r oltmish yoshda,
Beva qolgan oshnangni.

Uylanay desa chiqqan
Qizlari tumtayadi.
"Kirin yuvyapmiz-ku", deb
Kelinlar xumpayadi.

Tayyor xizmatkor bo'lsam,
Sen uchun pishir-kuydir.
Shukrimni qilmaysanmi,
Ruchkang boshingda qolgur?!

Qariganda ne kerak,
Marhaboga, bir kaft osh.
Tinchlik, sog'liq, muxabbat,
Va bir dono suhbatdosh.

Sen esa yuravergin
Haqman, deb, gap yo'riqlab.
Muxabbatsiz bir pullik
Hududingni qo'riqlab.

Odamlar kulmasa-ku,
Ayrilib, toq o'tardim.
Yo bir dono chol bo'lsa,
Erga tegib ketardim.

Tovba, tovba, yo, Rabbiy!
O'zing shohid har nega,
Shu injiqqa uchratding,
O'zing sabr ber menga.

Faqat Mahshar kun chorlab,
Ayt: "Marhabo, kela qol,
Senga mukofot -jannat,
Na'im, Ma'vo, tanlab ol".

Shu er bilan o'tdimmi,
Jinni bo'lmay, o'lay man.
Jannati Firdavsingdan
Boshqasiga ko'nmayman.


- Marhabo Karimova

A'zo bo'ling @NoyobSherlar