Get Mystery Box with random crypto!

​#kattahayotgaqadam Katta hayot boʻsagʻasidagi oʻylar Aziz k | NOU Production

​#kattahayotgaqadam

Katta hayot boʻsagʻasidagi oʻylar

Aziz kanalimiz obunachilari, bugun bir yaqin, qadrdon ukamizning oʻy-fikrlari taʼsirida bu postga qoʻl urdik. Uncha-muncha kamchiliklari boʻlsa bizning ham oddiy insonligimizga yoʻyarsiz.

Bismillahir rohmanir rohiym!
Barchamiz qachonlardir bolalikning begʻubor va sokin kunlarini oʻyin-kulgi bilan mazza qilib oʻtkazgan edik. Bugun u kunlarni shunchaki, oʻtli sogʻinch va hissiyotlar bilan eslaymiz, qoʻmsaymiz. Lekin, oramizda hali ham bolalik kunlaridan voz kechgisi kelmay yashayotganlar bor, iloji boʻlsa katta boʻlmay bolalik oʻyinlaridan sarmast yashashsa...

Ammo vaqt yugurik, u uchqur, bizni kutmaydi, kimningdir ruhsorini kundan-kun goʻzallashtirib, kimningdir yuzlariga ajin chizib sochlarini oqqa boʻyaydi. Vaqt hammasini oʻz istaganiday bajaradi, biz istaganimizday emas...

Juda koʻp oʻtish davri oʻsmirlarining katta hayotga qadam qoʻyishi juda ogʻir kechadi, hayotning turfa xil yomgʻir-u doʻllariga duch kelishadi, qiynalishadi, siqilishadi. Kimlar va nimalardandir nolishadi va baʼzan sinib qolishadi...

Eh... Hayotning ilk boʻronlariga duchlashgan ukajonim! Seni tabriklayman, senga havasim keladi, chunki sen - Yoshsan...

Hayotning sinovi qanchalik ogʻir va ogʻriqli boʻlmasin, sen undan-da zoʻrroq kuchga egasan, sen bu kuch bilan istasang, butun borliqni zabt etishing mumkin. Hamma sinovlarni mot qilishing mumkin, chunki senda Yaratganning eng ulugʻ va yengilmas neʼmati bor. U - YOSHLIK!!!

Sen bu neʼmat bilan barchaning roziligiga va ikki dunyoning obodligiga erishishing mumkin. Sen oldingda turgan sinovlarga siqilma, chunki u Yaratganimizdan Senga berilgan tuhfadir. Alloh mehribon Zot, U bandasiga ozroq sinov yuborib, uni daf qiladigan undan-da zoʻrroq kuchni ham berib qoʻyadi!

Katta hayotga ilk bora qadam qoʻygan birodarlar, yiqilishdan qoʻrqmang, hayotda yiqilmagan odamning oʻzi yoʻq, hamma-hamma yiqilgan, faqat kimlardir yiqilgan-u qaytib turolmagan... Hayotda yiqilganlar emas, qaytib turolmaganlar yutqazadi. Agar bilsangiz yiqilmaslikning bir yoʻli bor,u ham boʻlsa qadam tashlamaslikdir...

Endi siz katta boʻlgan boʻlsangiz, hayotingizga yangi missiyalar kirib kelibdi, ulkan va sharafli burchlar paydo boʻlibdi. Deylik, ota-onaning mingyillik orzularini roʻyobga chiqarish, bir goʻzal sanamni baxtiyor etish va yurt oldidagi xizmatlaringizni aʼlo darajada bajarish...

Shuncha buyuk ishlar kutib turganda siz qoʻrqasizmi, chekinasizmi, siqilasizmi?!

Qoʻrquv va ishonchsizliklarni unutish sandigʻiga tashlab, jasorat mixlari bilan mixlab tashlang. Bu hayotda hech narsadan qoʻrqmang, ammo bir Zotdan qoʻrqing, shunda hayotingiz kitoblarda maqtaladigan , hamma havas qiladigan bir ajib hayotga aylanib qoladi!

Hasan O'saro'g'li