Get Mystery Box with random crypto!

UMRAMNI ALLOHGA SOTDIM... Eshik taqilladi. Bir bola qo‘lidagi | NISO Ayollar Akademiyasi

UMRAMNI ALLOHGA SOTDIM...

Eshik taqilladi. Bir bola qo‘lidagi piyolani uzatdi. Iftorgacha bir soat bor edi.

— Opa, oyim sho‘rvaga qo‘shmoqchi ekanlar, - deya hijolatlik bilan bir piyola guruch so‘radi. Berib yubordim, lekin ichimda g‘alati qiziqish uyg‘ondi.

— Kimning qizisan? - deya so‘radim. Uch uy pastda bir xonadon ko‘chib kelgandi, birinchi qavatga. O‘sha yerga ishora qilib ta’rifladi. Guruchni olib xijolat chekkandan hamon iziga qaytdi.

Ertasi kuni o‘sha soatda, o‘sha vaqtda qiz yana keldi. O‘sha piyola, o‘sha gaplarni aytdi. Pul so‘rasa, katta idish bilan kelsa tilanchi derdim. Lekin piyola o‘sha, so‘ragani ham o‘sha guruch. Berdim. Lekin bu safar "men ham sen bilan boraman" dedim. Ko‘chaga chiqish ta’qiqlangan, tezroq birovning ko‘zi tushmay bora qolaylik deyman ichimda. Bordik.

Izn so‘rab, uyiga kirdim. Avvaldan ham bilardim, bolaligimda kirgandim. Yerga dasturxon to‘shalgan. Atrofda ikki bola o‘tiribdi. Dasturxonga tuzlama qo‘yilgan. To‘rtta qoshiq ham bor. Qo‘rqibgina menga qarashdi. Onasi oshxonadan chiqib yonimga keldi. Bir xona va bir yotoqxonadan iborat uyda o‘tirish mumkin bo‘lgan birgina joy ham dasturxon boshi.

— Xush kelibsiz, opa - dedi. Guruch uchun minnatdorchilik bilirdi. "Bolalar siz o‘tirib turing", dedim va onani tashqariga imladim.

— Tinchlikmi, opa? Bu nimasi? Ikki kundan beri qizingiz mendan guruch so‘raydi. Lekin faqat shu piyola, keyin yugurgilab ketadi.

— Singlim, - dedi xijolatomuz. - Xabaringiz bordir, biz o‘tgan oy bu yerga keldik. Xo‘jayinim vafot etgach, oldingi uyimizdan uy egasi chiqarib yubordi. Men arzonroq, qo‘limda bor pulim bilan deya shu uyni ijaraga oldim. Lekin bu kasallik tarqalgach, yemakxona xo‘jayini ham javob berib yuborgandi, cho‘ntagimdagi pul tugab mana shu ahvolda qoldik-da... Birinchi oqshom uy egasiga, keyin yonidagiga, bo‘lmadi, boshqasiga bordik. Bir piyola guruch uchun yalinib-yolvordik. Guruchlari yo‘q ekan, chog‘i, bo‘lsa berishardi-ku! Keyin qizimni sizga yubordim. Siz guruch bergandingiz, tomat qo‘shib sho‘rva qildim.

Dushanba kuni bir xonadonni tozalashga boraman. Lekin bu kecha ham dasturxonga bir nima qo‘ymasam, och uxlasholmaydi. Palov pishiraman dedim. O‘sha eshikka qizimni siniq umid bilan yubordim. Iltimos, jaxlingiz chiqmasin, so‘z beraman, dushanba kechasi guruchingizni qaytaraman...

Uyga keldim. Muzlatgichni ochdim. Uyda nonushtadan boshlab go‘shtgacha nima bo‘lsa hammasini xaltaga soldim. Qaradim, ko‘chaga non sotuvchi kelibdi, undan non oldim, pide oldim. Bolalar xaltalarni ochganini, ichida nima bo‘lsa hamma narsasini dasturxonga qo‘yganini ko‘rdimu, tezroq uyga qaytay, dedim.

Erim bilan iftor qildik. Alloh qabul qilsin. Lekin so‘radilar, albatta:

— Xotin, men dushanba kuni borib yana yegulik olib kelaman. Lekin saharligimizga biror nima qoldimi?

— Makaron bor, un bor, - dedim. - istasangiz tonggacha sizga bo‘rek tayyorlayman,- dedim. Kulishdik.

Baxtiyor edik. Chunki nonimizni baham ko‘rgandik.

Erim bugun ertalab uy egasiga boribdilar. Muxtordan ma’lumotlarni olibdilar. Bir-ikki joydan maslahatlashib, so‘rabdilar. Oqshomga yaqin keldilar:

— Biz bu yil birinchi bor umra ziyoratiga bormoqchi edik. Lekin bekor qilindi, kechiktirdik. Bordik deb qabul qilamizmi? Umramizni Allohimizga sotamizmi?

Nima demoqchiligini angladim. Qo‘llarini quchib-o‘pdim:

— Alloh sizdan rozi bo‘lsin!- dedim. Bir qog‘oz xaltaga pullarni solib, oborib opaga berdim. Ko‘p o‘tirmadim. Ichim og‘riyotgan bo‘lsa-da, uning sevinch ko‘z yoshlaridan halovat topdim. Oson emas. Buncha pulni jamg‘arish, unga erishish biz uchun qiyin bo‘ladi. Uncha pul qayerda endi, mayli. Uyga keldim.
Erim joynamozda duo qilayotgan ekan.
— Peshinni o‘qigandingiz, bu qanday namoz dedim?
— Men Umra namozini ado etdim. Sen ham o‘qigin-da, Allohga Umramizni qabul qilgin deb yolvoraylik...


@Niso_academy