Get Mystery Box with random crypto!

Men qushimni g‘ozga solsam, Kim solibdi qarg‘aga, Kim solibdi | RAVZAI NAZM

Men qushimni g‘ozga solsam,
Kim solibdi qarg‘aga,
Kim solibdi qarg‘aga?
To‘nka ushlab o‘yga tolsam,
Olti qarg‘a archada,
Olti qarg‘a archada.


Qarg‘alar uchsa qaraylik
Marg‘ilonning yo‘liga,
Marg‘ilonning yo‘liga.
Hidi kelsa mast bo‘laylik,
Hidi kelsa mast bo‘laylik
Handalakning bo‘yiga,
Handalakning bo‘yiga.

Handalak bo‘ylikkinam,
Siz unda zor, biz bunda zor,
Siz unda zor, biz bunda zor.
To‘ti qushning bolasiday
Ikkalamiz intizor,
Ikkalamiz intizor.

Intizorlik torta-torta
Tanda toqat qolmadi,
Tanda toqat qolmadi.
Yo‘lchilikning holidan
Yurarga holat qolmadi,
Yurarga holat qolmadi.

Yo‘lchilikning holini
Yo‘lda yo‘lovchidan so‘rang,
Yo‘lda yo‘lovchidan so‘rang.
Biz g‘arib bechorani
Aqli raso yordan so‘rang,
Aqli raso yordan so‘rang.

Mardikor ovorani
Aqli raso yor bilmasa,
Aqli raso yor bilmasa,
Ko‘z yoshi daryo bo‘lib
Oqqan baliqlardan so‘rang,
Oqqan baliqlardan so‘rang.

Qarg‘alar, bedarg‘alar,
Qarg‘alar, bedarg‘alar,
Kunni to‘solmas pardalar,
Kunni to‘solmas pardalar,
Harjinib nonga to‘ymagan
Tomoq ostida zardalar,
Tomoq ostida zardalar.

Men g‘azalni kuyga solsam,
Ne yumushim qarg‘adir,
Ne yumushim qarg‘adir.
Olti qarg‘a bir sababki,
Xudoydi ko‘r bedarg‘ada,
Xudoydi ko‘r bedarg‘ada.

Qarg‘alar turna emas,
Qarg‘alar turna emas,
Parvozidan qishlar kelur,
Parvozidan qishlar kelur.
Biz g‘arib surgun chekib,
Barmog‘iga nishlar kelur,
Barmog‘iga nishlar kelur.

Qarg‘alar uchsa qaraylik
Marg‘ilonning yo‘liga,
Marg‘ilonning yo‘liga,
Iskobilu Garchakop,
Iskobilu Garchakop,
Andijonning yo‘liga,
Andijonning yo‘liga.

Men qushimni g‘ozga solsam,
Kim solibdi qarg‘aga,
Kim solibdi qarg‘aga...

@nazmiy