Get Mystery Box with random crypto!

Ilmga navbatda turmadik! Osh desa, yig‘ildik malaxdek, Yuzim | My "Hidoyat"

Ilmga navbatda turmadik!

Osh desa, yig‘ildik malaxdek,
Yuzimiz kitobga burmadik.
Nafs uchun urishdik, talashdik,
Ilmga navbatda turmadik!

Bugun-chi millatning ongi past,
Jaholat mayidan yurar mast,
O‘ziga dushman ham qasdma-qasd,
Ilmga navbatda turmadik!

Tillolar sarfladik kayf uchun,
Shaytonning peshobi hayf uchun,
Chaqaga og‘rindik harf uchun,
Ilmga navbatda turmadik!

Avlodlar bo‘lishdi mardikor,
Xorijda darbadar, itdan xor,
Ey millat, holingdan qilgin or,
Ilmga navbatda turmadik!

Har yerda poraxo‘r, o‘g‘rilar,
Kulgiga olinar to‘g‘rilar,
Bilmam, kim xatomiz to‘g‘rilar,
Ilmga navbatda turmadik!

Ko‘zimiz aldagan yolg‘onlar,
Internet, oynayi jahonlar,
Uyg‘oning, birodar, yoronlar,
Ilmga navbatda turmadik!

E’zozda fohisha, raqqoslar,
Ongi past otarchi, paqqoslar,
Bunda xor olimlar, vaqqoslar,
Ilmga navbatda turmadik!

Xalq bugun ishqiboz nodonga,
Orqasin shishirgan shaytonga,
E’tibor qaratmas urfonga,
Ilmga navbatda turmadik!

Xayolda og‘rinmay boy bo‘lsa,
Ostida eng so‘nggi toy bo‘lsa,
Yegani har kuni moy bo‘lsa,
Ilmga navbatda turmadik!

Amaldor ketini yalasa,
Amallab xalqini talasa,
Dunyo deb qalbida talvasa,
Ilmga navbatda turmadik!

Bu millat mudraydi g‘aflatda,
Farzandi gazlarda navbatda,
Ilmsiz o‘lamiz, albatta,
Ilmga navbatda turmadik!

Ilmsiz qarammiz, quldirmiz,
Tiriklay yonamiz, kuldirmiz,
Qadri yo‘q, bir chaqa puldirmiz,
Ilmga navbatda turmadik!

@My_hidoyat