Get Mystery Box with random crypto!

Sen meni shunchaki yaratganing yo'q, Shunchaki yashashni men o | My books pro

Sen meni shunchaki yaratganing yo'q,
Shunchaki yashashni men odat qildim.
Shundanmi hushusiz, huzusiz, quruq,
Shunchaki jo'ngina ibodat qildim.

Saodat asbobi Kalomingda jam,
Yo'lga rahnamo-yu, ko'ngilga malham,
Qur’on o'qisam-da, har on o'qisam,
Bo'g‘zimdan o'tkazmay tilovat qildim.

Rasuling so'ziga qulog‘im tutdim,
Lekin qalb qulog‘in qattiq bekitdim,
Asli kimligimni ancha unutdim,
Shayton da’vatini ijobat qildim.

Dardlarga darmonim istig‘for, ammo
Quruq oh-vohlarni bo'lar deb davo,
Xasdek hasratimni etib muammo,
Uchragan har kasga shikoyat qildim.

Riyo libosini kiyib tanimga,
Maqtovlar yog‘dirib o'zim sha’nimga,
Zarra amal qilmay o'rganganimga,
Sayrab o'zgalarni hidoyat qildim...

Shuncha xato bilan qarab kechamga,
Gunohlar yukidan botgancha g‘amga,
Ko'zlarim chirt yumiq boqib olamga,
O'zimni anchayin xijolat qildim!

Sen meni shunchaki yaratganing yo'q,
Shunchaki yashashni men odat qildim...

O‘tkirbek Muhammadsobir

@My_books_pro