Get Mystery Box with random crypto!

OʻZBEK HAQIDA BALLADA Qiyosi yo'q uning mehri bir daryo, O'xs | MUHAMMAD YUSUF | Муҳаммад Юсуф

OʻZBEK HAQIDA BALLADA

Qiyosi yo'q uning mehri bir daryo,
O'xshasa o'ziga o'xshaydi O'zbek.
Boshqa millatlarni bilmadim, ammo,
Dunyoda bolam deb yashaydi O'zbek!
______________________________________
O'nta bo'lsa o'rni boshqa uning-chun,
O'g'lim otashimdan yaralgan uchqun.
Qizim parilardan chehrasi gulgun,
Qoshlari qalam deb yashaydi O'zbek!
______________________________________
Bir qo'lda belanchak, bir qo'lda Qur'on,
Bir yelkada ketmon, birida iymon.
Barchaga barobar bir oftobsimon,
Yashnasin olam deb yashaydi O'zbek!
______________________________________
Bobolari qaysi yigitlardan kam,
Momolari xushro'y yuzdan oshsa ham.
Zurriyotlari bo'lsa bitta uyga jam,
To'shak yetmay to'nin to'shaydi O'zbek!
______________________________________
Ehtirom etganga ehromlari bor,
Kekkayganga bo'yin egmaydi zinhor.
Beshik to'la jajji Islomlari bor,
Tosh o'tmas qo'rg'onga o'xshaydi O'zbek!
______________________________________
Qiyosin topdingmi aytgin Muhammad?
O'xshasa o'ziga o'xshaydi O'zbek.
Yomon she'r yozsang ham, betingdan o'pib,
Kam bo'lma bolam, deb yashaydi O'zbek!
______________________________________
Muhammad Yusuf Sheʼri

Mirzabek Xolmedov ijrosi
Dilmurod Sultonov ijrosi

@Muhammad_Yusuf_Hayoti_va_Ijodi