Get Mystery Box with random crypto!

Energetika vazirligi: Buxoro viloyatida birinchi yirik quvvatl | MINENERGY.UZ

Energetika vazirligi: Buxoro viloyatida birinchi yirik quvvatli shamol turbinasi o‘rnatildi

Saudiya Arabistonining “ACWA Power” kompaniyasi tomonidan Buxoro viloyatining Peshku va G‘ijduvon tumanlarida har birining quvvati 500 MVtdan bo‘lgan 2 ta (jami 1000 MVt) shamol elektr stansiyasi qurilmoqda. Mazkur loyiha doirasida bugun, 25-iyul kuni “Envision” kompaniyasining (Xitoy) birinchi 6,5 MVt quvvatli turbinasi o‘rnatildi. Turbina minorasining balandligi 100 metr, shamol parraklarining har biri esa 84 metrni tashkil qiladi.

Ma’lumot uchun, ushbu yirik loyiha doirasida jami 158 ta mana shunday shamol turbinalari o‘rnatiladi.

Mazkur elektr stansiyalarining ilk quvvatlari 2024-yilda ishga tushiriladi.

Stansiyalar to‘liq ishga tushirilgach, yiliga 3 mlrd 600 mln kVt·soat elektr energiyasi ishlab chiqariladi. Buning natijasida yiliga 1 mlrd 100 mln kub metr tabiiy gaz tejalishiga erishiladi hamda atmosferaga 1 mln 500 ming tonna zararli gazlar chiqishining oldi olinadi.

Loyiha doirasida uzunligi 260 km bo‘lgan 500 kV kuchlanishli elektr uzatish tarmoqlari va 2 ta 500 kV kuchlanishli ochiq taqsimlash qurilmalari quriladi. Mazkur elektr uzatish tarmoqlari energetika tizimining shimoli-g‘arbiy (Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyati) hamda janubi-g‘arbiy (Buxoro va Navoiy viloyatlari) qismlarining bog‘lanishini mustahkamlaydi.

Eslatib o‘tamiz, Navoiy viloyatining Tomdi tumanida 500 MVt quvvatli shamol elektr stansiyasini qurilmoqda va mazkur loyiha doirasida “Goldwind” kompaniyasining (Xitoy) birinchi 4,7 MVtli turbinasi iyun oyida o‘rnatilgan edi. Hozirda 3 ta turbina o‘rnatib bo‘lindi. Turbina minoralarining balandligi 97 metr, shamol parraklarining har biri esa 77 metrni tashkil qiladi.

Energetika vazirligi Matbuot xizmati

Telegram | Facebook | Instagram | YouTube