Get Mystery Box with random crypto!

Energetika sohasidagi hamkorlik Toshkent shahrida 3-iyul kuni | MINENERGY.UZ

Energetika sohasidagi hamkorlik

Toshkent shahrida 3-iyul kuni Oʻzbekiston, Qozogʻiston va Qirgʻiz Respublikalari Energetika vazirlarining navbatdagi uch tomonlama uchrashuvi boʻlib oʻtdi.

Uchrashuvda Davlatlarimiz rahbarlarining saʼy-harakatlari bilan strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlari rivojlanib borayotgani, koʻp qirrali hamkorlik tobora kengayayotgani alohida taʼkidlandi.

Oliy darajadagi uchrashuv va muzokaralar chogʻida barcha sohalar qatori energetika sohasidagi hamkorlikka ham alohida eʼtibor qaratilayotgani, gidroenergetikadagi loyihalarni amalga oshirish, shu jumladan “Qambarota GES-1» qurilishini jadallashtirishga kelishilgani qayd etildi.

Uchrashuvda ushbu loyihani muvaffaqiyatli amalga oshirish, yangi elektr uzatish liniyalarini qurish hamda suv resurslaridan unumli foydalanish bilan bogʻliq tashkiliy va huquqiy masalalar atroflicha muhokama qilindi.

Joriy yilda suv resurslaridan samarali foydalanish, kuz-qish davrida energiya tizimidagi ishlarni muvofiqlashtirish boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Energetika vaziri J. Mirzamahmudov, Qirgʻiz Respublikasi Energetika vaziri T. Ibrayev va Qozogʻiston Respublikasi Energetika vaziri A. Satkaliyev tomonidan tegishli protokollar imzolandi.

Shu kunning oʻzida Qirgʻiz Respublikasi Energetika vaziri T. Ibrayev va Qozogʻiston Respublikasi Energetika vaziri A. Satkaliyevni Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A. Aripov qabul qildi.

Energetika vazirligi Axborot xizmati.

Telegram | Facebook | Instagram | YouTube