Get Mystery Box with random crypto!

“O‘zenergoinspeksiya”: Mart oyida 21,9 mlrd so‘mlik elektr ene | MINENERGY.UZ

“O‘zenergoinspeksiya”: Mart oyida 21,9 mlrd so‘mlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalanish holatlari aniqlandi

Joriy yilning mart oyida Energetika vazirligi huzuridagi “O‘zenergoinspeksiya”, “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ va huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan hamkorlikda o‘tkazilgan nazorat tadbirlarida 510 ta holatda 46,2 mln kVt⋅soat elektr energiyasidan noqonuniy foydalanish holatlari aniqlangan.

Buning natijasida tizimga 21,9 mlrd so‘m zarar yetkazilganligi ma’lum bo‘ldi. Ushbu hajmdagi elektr energiyasi o‘rtacha 231 mingta xonadonning bir oylik iste’molini tashkil qiladi.

Noqonuniy foydalanish holatlarining eng ko‘pi Farg‘ona, Namangan, Jizzax va Samarqand viloyatlari hissasiga to‘g‘ri keladi.

Misol uchun, Namangan viloyatidagi “M. S. S.” MCHJga qarashli metal mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi sexda 1,6 mlrd so‘m, Samarqand viloyatidagi “M. K.” MCHJda 898 mln so‘m, Farg‘ona viloyatidagi “D. K.” MCHJda 349 mln so‘m miqdorida qayta hisoblash ishlari amalga oshirildi.

Qoidabuzar iste’molchilarga nisbatan belgilangan tartibda choralar ko‘rilib, tegishli hujjatlar huquqni muhofaza qiluvchi organlarga taqdim etildi.

Hududlarda nazorat tadbirlari davom etmoqda.

@minenergy_uz