Get Mystery Box with random crypto!

Go‘zal tarbiya O‘n ikki yoshlarda edim. Maktab xarajatlarimni | Tibbiyot haqida kerakli malumotlar🏥

Go‘zal tarbiya

O‘n ikki yoshlarda edim. Maktab xarajatlarimni topish uchun uyma-uy gazeta tarqatar edim. Shu on ismini eslolmaydiganim keksa xonim mening mijozim edi. Menga kechira olish borasida juda chiroyli va unutilmas saboq berdiki, umid qilamanki, men ham bir kuni kimgadir ayni hissiyotlarni shunday go‘zallik bilan tuhfa etaman.

Zerikarli shanba kuni edi. O‘rtog‘im bilan keksa xonimning uyi orqasidagi bog‘chada bir burchakka yashirinib olgancha tomga tosh ota boshladik. Qo‘limizdan uchgan toshlar tunukadan dumalab pastga tushishini osmondan dumli yulduz tushayotganinini tomosha qilgandek kuzatib zavqlanardik. Dumaloq tosh oldimda, bor kuchim bilan tomga irg‘itdim. Ammo tosh bu safar tomga emas, eshikning oynasiga tegdi. Oyna singani tovushini eshitgan zahotimiz, yashiringan joyimizdan uchib chiqib qochdik. Keksa ayol bizni ko‘rishi mumkin emasdi. Tun bo‘yi keksa ayol meni tutib, jazolashini o‘ylab qo‘rqqanimdan uxlay olmadim.

Ertasi kuni gazetasini berish uchun eshigiga borganimda, odatdagidek samimiy tabassum bilan hol-ahvolimni so‘radi. Ammo men aybdorona qiyofada uning yuziga ham qarrayolmasdim. Oxiri topgan pulimni jamg‘arib, ayolga singan oyna uchun to‘lashni o‘yladim. Uch haftadan keyin yetti dollarga yetdi jamg‘armam. Bir qog‘ozga "Oynangizni sindirganim uchun xijolatdaman. Umid qilamanki, bu pul yangi oyna olib qo‘yish uchun yetadi” deb yozdimu pul bilan xatjild ichiga qo‘ydim. Kechki payt qorong‘u tushishini kutib, xatjildni keksa xonimning pochta qutisiga otdim. Bir zumda ruhim yengil tortdi. Endi avvalgidek keksa xonimning ko‘zlariga qaray olishimni o‘ylab ichim sevinchga to‘ldi.

Ertasi kuni eshigiga borib, gazetasini uzatgandim har doimgidek jilmayib qarshiladi meni. Men ham unga javoban ko‘zlariga qaradim. Shundoq orqamga qaytganimda:
Eh, bir daqiqa to‘xtagin, xayolimdan ko‘tarildi, bu qurabiyelar senga, – deya qo‘lidagi xaltani uzatdi.

Uydan uzoqlasharkanman mazza qilib qurabiyelarni yeya boshladim. Bir nechta shirinlik yeganimdan so‘ng xaltada bir xatjildga ko‘zim tushdi. Ichida qisqa jumla ilova qilingan yetti dollar bor ekan: “Sen bilan faxrlanaman!.."

Turkchadan Umida Adizova tarjimasi

Kanalga ulanish: @mezanauz