Get Mystery Box with random crypto!

​Vatanimizning yuksak eʼtirofi muborak! Mamlakatimiz boʼylab | MAQOM MARKAZI

​Vatanimizning yuksak eʼtirofi muborak!

Mamlakatimiz boʼylab eng ulugʼ, eng aziz ayyom – mustaqillik bayram shukuhi kezib yurgan ayni kunlarda Prezidentimiz Farmoni bilan bir guruh yurtdoshlarimiz davlatimizning yuksak unvonlari, orden va medallariga munosib koʼrildi.

Xususan, Vatanimiz mustaqilligini mustahkamlash, Yangi Oʼzbekistonni barpo etish yoʼlida amalga oshirilayotgan islohotlarga qoʼshgan munosib hissasi, oʼzining yorqin isteʼdodi, keng qamrovli ijodiy, ilmiy-amaliy faoliyati bilan xalqimiz maʼnaviyatini yuksaltirish, yoshlarimizni ona yurtga cheksiz muhabbat va sadoqat, umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash yoʼlidagi samarali xizmatlari hamda jamoat ishlaridagi faol ishtiroki uchun eʼtirof etilganlar qatorida madaniyat va sanʼat sohasi xodimlarining ham borligi barchamizga cheksiz mamnuniyat bagʼishladi.

“Oʼzbekiston Respublikasi xalq baxshisi”, “Oʼzbekiston Respublikasi xalq rassomi”, “Oʼzbekiston Respublikasi xalq ustasi”, “Oʼzbekiston Respublikasida xizmat koʼrsatgan yoshlar murabbiysi”, “Oʼzbekiston Respublikasida xizmat koʼrsatgan madaniyat xodimi” faxriy unvonlari, “El-yurt hurmati”, “Fidokorona xizmatlari uchun”, “Mehnat shuhrati”, “Doʼstlik” ordenlari, “Kelajak bunyodkori” va “Shuhrat” medallari sohiblari safi kengayib borayotgani soha vakillarining yurt ravnaqiga daxldorlik tuygʼusi tobora ortayotgani hamda ezgu saʼy-harakatlarning hech biri davlatimiz eʼtiboridan chetda qolmayotganining tasdigʼidir. Boshqacha aytganda, “Yangi Oʼzbekistonda el aziz, inson aziz” degan ezgu gʼoya hayotda oʼzining yorqin ifodasini topmoqda.

Аlbatta, madaniyat va sanʼat xodimlarining jamiyat taraqqiyotidagi oʼrni va taʼsiri katta. Bu mamlakatimizning barcha hududi, hatto eng chekka qishloqlarida oʼtkazilayotgan bayram tadbirlarida ishtirok etayotgan soha vakillari, “Madaniyat karvoni”ning fidoyi targʼibotchilari, madaniyat boshqarmalari xodimlari, kino va teatr artistlari, elimiz ardogʼidagi sanʼatkorlar faoliyatida yaqqol namoyon boʼlmoqda. Ularni cheksiz mehr-muhabbat, quvonchu shodlik bilan kutib olayotgan yurtdoshlarimiz chehrasidagi minnatdorlik ifodalari esa bizga ham koʼtarinkilik bagʼishlaydi. Bugungi unvonu mukofotlar shunday fidokorona mehnatlaringiz mevasi, Vatanimizning yuksak eʼtirofidir.

Fursatdan foydalanib, shunday baxtga muyassar boʼlgan barchani, madaniyat va sanʼat xodimlarini qoʼshaloq bayram bilan chin dildan muborakbod etamiz. Sizlarga mustahkam sogʼlik, oilaviy baxt, hamisha el-yurt ardogʼida boʼlish nasib etishini tilaymiz.

Goʼzal va betakror yurtimiz doimo tinch, xalqimiz omon, mustaqilligimiz abadiy boʼlsin!

Ozodbek Nazarbekov,
madaniyat vaziri