Get Mystery Box with random crypto!

Bir quti sut yoxud onamni qachon tushundim... (Xikoya) Axla | Manoli so'zlar kanaliga kirish

Bir quti sut yoxud onamni qachon tushundim...

(Xikoya)

Axlat tashlagani chiqqandim, yerda yotgan bir quti bolalar sutini ko‘rib qoldim. Balki yaroqlilik muddati o‘tib ketgandir, deb o‘yladim-u, beixtiyor uni qo‘limga olib, ishlab chiqarilgan sanasiga ko‘z tashladim. Uning rostdan ham yaroqlilik muddati o‘tgan ekan. Ana shu quti eski xotiralarni xayolimda gavdalantirib yubordi.
O‘shanda bolam olti oylikkina, faqat sun’iy ozuqa bilan qornini to‘ydirardim. Sun’iy ozuqaning bir qutisining o‘zi falon pul, bola kattalashgani sari uning bir donasi ikki kunga ham yetmay qoladi. O‘rta hisobda bir quti bolalar ozuqasining narxi ikki kilogramm go‘shtning narxiga to‘g‘ri keladi. Yosh oilamiz, faqat oylikka kun ko‘ramiz. Alohida yashaganimiz uchun hamma xarajatlar o‘z bo‘ynimizda. Ro‘zg‘or uchun xarajat qilarkanmiz, eng birinchi bola uchun ozuqa sotib olardik. Maosh olingan kuni bir nechta quti ozuqa olarkanmiz, o‘zimizning yeb-ichishimizga arzimagan pul qolardi. Chaqaloq yelim idishdagi sutni ba’zida oxirigacha ichmasa, uni qayta bersam, ichi buzilib qolmasin, deb qolganini to‘kib yuborardim. Kun sari kattalashayotgan bolamning do‘mboq qo‘llariga mahliyo bo‘laman-u, o‘zimning bir haftadan beri qozon osmaganimni ham unutaman. Bir kuni qarasam, bolaning ozuqasi qutida yana ikki martalik qolibdi, xolos. Axir, yana bitta bo‘lishi kerak, deb javonni necha marta axtardim, yo‘q. Men bor deb o‘ylaganim, bo‘sh idish ekan. O‘sha vaqtda bundan ortiq baxtsizlik bo‘lishi mumkin emasdi. O‘zimni qo‘lga ololmay, karaxt bo‘lib qoldim. Darrov erimga qo‘ng‘iroq qildim.
— Ishxonada qarz so‘ramagan odamim qolmadi. Bir ilojini qil.
— Nima ilojini qilaman, bola hali ovqat yemasa, kechqurun sut, deb yig‘lasa, nima beraman? Bola och qoladi-ku…
— Onasan-ku, biror ilojini top.
Bolasi och qolayotgan onaning ahvolini tasavvur qilish qiyin emas. Ayniqsa, bola chaqaloq, hali gapga tushunmaydigan go‘dak bo‘lsa. Onamnikigacha uch bekat yo‘l bor. Onamdan olaman. Bolani ko‘targancha uyga yayov yetib keldim. Onam uyda yo‘q ekan. O‘sha damda bir quti sut uchun bor narsamni berishga tayyor edim. Dadamga aytishga uyalaman, u kishidan tortindim. Lekin endi na uyga keta olaman va na bu yerda qolaman… Oradan ikki soatlar o‘tdi chamasi, onam kelavermadi. Shu vaqt ichida qosh qorayib, kech bo‘lgani sari meni vahima bosaveradi. Kechqurun bolamning ovqati qolmasa, nima qilaman? U yig‘lasa, nima beraman? Bolam och qoladi-ku… Ayni savollar miyamni parmalagandek o‘yib tashladi. Yana yarim soat kutdim. Onamdan darak bo‘lavermadi. Indamay bekatga chiqdim. O‘sha paytdagi holatimni eslasam, hanuz g‘amgin kayfiyat butun a’zoi badanimni qamrab oladi. Endi nima bo‘ladi, bolamga ovqatini topolmadim, endi nima beraman? Biror narsamni sotay desam, allaqachon onam bergan tilla buyumlarni sotib, bolalar ozuqasi olishga ishlatib yuborganman. Men dushmanga taslim bo‘lib, dor ostiga ketayotgan ahvolda edim. Yo rab, yig‘lolmasdim ham. Axir, yig‘lash uchun ham yorilish kerak. Men kimgayam yorilardim. Dunyodan bexabar bolam esa, qiqir-qiqir kularkan, men unga qarab turib, battar xo‘rligim kelardi. Bo‘ldi, shirin choy beraman, boshqalar ham shunaqa qiladi-ku, ertaga topilar, deb o‘zimni aldarkanman, mashinadan tushayotgan onamni ko‘rdim.
— Oyi, bormisiz, qayerlarda yuribsiz, — deb uni quchgancha, qattiq yig‘lab yubordim.
— Bolam, tinchlikmi, nima bo‘ldi? – deb oyim qo‘rqib ketdi.
— Bolam… bolaga bir quti sut kerak, — men yosh bolalardek yig‘lardim, zero o‘sha damda menga butun dunyodagi jamiki boyliklardan ham ko‘ra, bir quti sut qimmatli edi.
— Ha, qizim, qo‘rqitib yubording-ku, manavi pulni ol, — oyim ikki quti sutga yetarli pul berarkan, qo‘g‘irchog‘ini topib olgan qizaloqdek baxtiyor edim.
U bilan apil-tapil xayrlashib, uyga uchib yetib keldim, axir, endi go‘dagimning ovqati bor. Menga boshqa narsa kerak emas. O‘sha kuni men birinchi marta ona bo‘lish, o‘z joningni ming bo‘lakka bo‘lish ekanligini tushunib yetgandim.

@Manoliso