Get Mystery Box with random crypto!

#Mirziyoyev #tashrif #Tojikiston O‘zbekiston Respublikasi P | Manaviyat.edu.uz

#Mirziyoyev #tashrif #Tojikiston

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev davlat tashrifi bilan 18-19-aprel kunlari Dushanbe shahriga tashrif buyurdi.

Poytaxt aeroportida oliy martabali mehmonni Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon kutib oldi va “Qasri Millat” qarorgohida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevni rasmiy kutib olishga bag‘ishlangan tantanali marosim bo‘ldi.

Prezidentlar Shavkat Mirziyoyev va Emomali Rahmonning muzokaralari tor doiradagi uchrashuvdan boshlandi, so‘ngra ikki mamlakat rasmiy delegatsiyalari ishtirokida kengaytirilgan tarkibda davom ettirildi.

Oliy darajadagi muzokaralar yakunida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon Ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risidagi shartnomani imzoladilar. Davlat rahbarlari huzurida ikki tomonlama hujjatlarni almashish marosimi bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon ikki mamlakat madaniyat va san’at arboblarining bir guruhiga faxriy unvonlar berdilar. Tashrifning ilk kuni Dushanbe shahridagi “Ko‘hi Borbad” san’at saroyida O‘zbekiston va Tojikiston san’at ustalari ishtirokidagi “Do‘stlik oqshomi” konsert dasturi bilan yakunlandi. Shavkat Mirziyoyev va Emomali Rahmon konsertni birgalikda tomosha qildilar.

Tashrifning 2-kunida davlatimiz rahbari bir qator rasmiy shaxslarni qabul qildi. Shuningdek, Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon bilan birga O‘zbekistonning Dushanbe shahridagi elchixonasi yangi binosini tantanali ochib berdilar. So‘ngra, Dushanbeda tashkil etilgan O‘zbekiston sanoat mahsulotlari ko‘rgazmasiga tashrif buyurishdi.

Shu bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Tojikistonga davlat tashrifi doirasidagi tadbirlar yakuniga yetdi. Aeroportda davlatimiz rahbarini Prezident Emomali Rahmon kuzatib qo‘ydi.

Rasmiy sahifalarimiz: Telegram | YouTube