2020-11-10 18:22:05
Olimpiada - og'riqli mavzu. XTB - keraksiz tashkilot. Olimpiada - bolaga hayotning, kattalarning jirkanch tomonini ko'rsatadigan, ertakdagi sehrgar kampir real hayotda xazinani Zumradga emas, Qimmatga berishini oshkor qilib qo'yadigan tadbir.
Bu mavzu shaxsan men uchun bolaligimdan beri og'riqli, eslasam yuragim siqiladi. Har yil rayonda 2-bo'lardim, u paytlar faqat birinchi viloyatga chiqardi. Har yili birinchi o'rinni oladigan raqibim universitetga ham kirmadi. Men yuqori o'rinda grantga kirdim.
Bir yil Toshkent shahar bosqichida hakam bo'ldim, akademik litsey, kollejlar, bir-ikkita 11-sinfi bor maktablar qatnashdi.
Yosh, qiziqqon paytlarim edi. Alifni tayoq deydigan('google'ni 'guliguli' deydigan ) o'quvchiga 1-o'rinni berasanlar, shaxsan falonchi aytgan deb tizimdagi eng yuqori amaldorni nomini aytishdi. O'quvchiligimda olimpiadadagi adolatsizliklarni ko'rib, kelajakda bu narsani albatta yo'qotaman,deb qattiq ahd qilgan edim. Bolalarcha orzu (ehtimol siz ham bolalagingizda dunyoni o'zgartirib yuborishni orzu qilgandirsiz).
Tabiiyki, bu adolatsizlikka chiday olmadim. Olimpiada bo'layotgan bino orqasiga o'tdim, katta bir davlat idorasida ishlaydigan huquqshunos akam - suyangan tog'imga telefon qildim, akam ham adolatparvar inson. Undan yo'l ko'rsatishini so'radim. ''Bu yerda adolatsizlik bo'lyapti, bunga chidash mumkin emas, qo'limdan keladi, hozir hammasini fosh qilib, olimpiadani buzaman'' dedim.
Akam bosiqlik bilan meni eshitdilar, keyin esa mana bunday dedilar: '' Yaxshi, olimpiadani to'xtatasan, keyin bir-ikki kun o'tib qayta o'tkaziladi, hakamlar ham boshqa qo'yiladi, orasida sen yoki senga o'xshaganlar bo'lmaydi, natija - yana o'sha kattakon aytgan bola chempion bo'ladi. Yaxshisi sen haqiqiy bilimli bolalarni qo'lingdan kelgancha himoya qil, bunchalik keskin kelma''.
Qatnashchilar ichida bitta bola bor edi - Xudo bergan iste'dod. Kerak bo‘lsa hakamlarni hammasiga dars berib qo'yayotgandi. Birinchi o'ringa munosib edi. Talashib-tortishganimdan keyin unga to'rtinchi o'rinni berildi. Eng hayron qoldirgani hakamlar uni mening ''odamim'' deb o'ylashibdi. ''Aqllilik, betgachoparlik qilma, deb qo'ymabsizda unga'' deyishdi .
Tadbirdan qaytayotib o'sha bolani metroda ko'rib qoldim. U yolg'iz, yelkasida kitob to'la ryukzagi(hakamlarga appelyatsiyada fikrini isbotlab berish uchun olgan bo'lsa kerak). Uning yoniga yaqinlashib yelkasiga urib qo'ydim, ''Xafa bo'lma, aslida birinchi o'rin seniki edi, qo'limdan hech narsa kelmadi, kechir'' dedim. Bola hakamdan bunday gap chiqishini kutmagan ekanmi, hayratdan ko'zlari chiqib ketay dedi. ''Menga birinchi o'rin kerak emas''-dedi u qat'iy. ''Faqat ustozimga foydasi tegsin degandimda, ustozim men uchun ko'p mehnat qildilar. Men o'qishimni bitiriboq Amerikaga ketaman, u yerdagi universitetning imtihonlaridan o'tib bo'lganman, grant yutib oldim''.
Ikkimiz ham jim bo'lib qoldik. Mahzun bo'ldim... Bu bizning g'aribgina ahvolimiz edi. O'sha bolaning ustozi - haqiqiy ustoz edi. Yelkasiga ryukzagini ilib olgan yigitcha esa - bizning o'zimiz quvib tashlayotgan kelajagimiz edi.
Manba:blognotuz
@maktabimuz
5.9K viewsAzamat Toʻliyev, edited 15:22