Get Mystery Box with random crypto!

Bizlar tug‘ilgandan bedor o‘tyapmiz, Sizga sog‘lik tilab | Majnun bitiklari

Bizlar tug‘ilgandan bedor o‘tyapmiz,
Sizga sog‘lik tilab, bemor o‘tyapmiz,
Siz ko‘zgu yonida, biz yor, o‘tyapmiz,
Qalbimizni qo‘lda tutib oshiqlar,
Jilmayib, dunyoni yutib oshiqlar...

Savdomiz yurmadi ko‘hna bozorda,
Bizni anglaganlar bari – mozorda,
Ulardek o‘tarmiz dilxun, ozorda,
Million oshiqlar, ming, yuz oshiqlar...
Afsus, afsus, afsus, afsus... oshiqlar.

Biz unsiz yashadik, suron qilmadik,
Ikki qoshingizda yurdik, jilmadik,
Biz faqat termuldik, qucha bilmadik,
Kulmang, biz - g‘alati, shunday oshiqlar,
Yuraklari bir ochunday oshiqlar.

Bizni dunyolarga keltirgan shamol,
Qanisan, so‘rab qo‘y xazoningdan hol,
Siz menga hayronsiz, men ham sizga lol,
Nega kelganimiz mavhum, oshiqlar,
Ayon - yig‘lar bo‘ldik yum-yum, oshiqlar.

Do‘stlar, tilak ayting, sipqoraman may,
Bilaman yoqmaydi bizlar chalgan nay,
Labingizni ko‘rdim, shukr, harqalay,
Biz - bexisht eshigin topgan oshiqlar,
Qolganiga etak yopgan oshiqlar.

Bizsiz dunyoyingiz - yo‘qotilgan iz,
Meni bu olamga boshlab kelgan qiz!
Bizni qo‘yavering, qalaysiz bizsiz,
Bizlar qiyomatga qadar oshiqlar,
Unutilgan va darbadar oshiqlar...