Get Mystery Box with random crypto!

Stipendiya oshdi, lekin kontraktlar oshmas ekan. Buning tartib | Mahammadjanov

Stipendiya oshdi, lekin kontraktlar oshmas ekan. Buning tartibi qanday boʻladi?

1-fevraldan ish haqi va stipendiyalar oshishi maʼlum qilingan edi. Qoidaga koʻra, OTMlarning toʻlov-kontrakt narxlari mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdorlariga bogʻlangan edi va har safar ish haqlari oshirilganda, kontrakt miqdorlari ham koʻtarilardi.

Ammo joriy yilda Hukumat pandemiya sabab aholining turmush darajasini hisobga olib, 2-marta yengillik berish toʻgʻrisida qaror qabul qildi. Birinchisi, toʻlov-kontrakt miqdorlariga 10% chegirma berildi. Ikkinchisi, 1-fevraldan ish haqlari oshiriladigan taqdirda ham joriy oʻquv yili uchun kontraktlar miqdori oshmasligi belgilab qoʻyildi.

Bu talabalar va ularning ota-onalari uchun sezilarli darajada yaxshi qaror.

Endi hozirgi holatdan kelib chiqib, ayrim talabalarda savol paydo boʻlmoqda, yaʼni stipendiya oshsayu, kontrakt oshmasa, buning tartibi qanday boʻladi?

Shu boʻyicha oʻz fikrimni bildirib oʻtmoqchi edim. Demak, holat quyidagicha:

Davlat grantida oʻqiydiganlar uchun:

umumiy qoidaga koʻra, davlat grantida oʻqiydiganlarning barchasining bazaviy stipendiyasi 10%ga oshirilib, 42 ming 800 soʻm qoʻshiladi, yaʼni 470 ming 800 soʻm (avval 428 ming soʻm edi) etib belgilanadi;

agar davlat grantida oʻqiydigan talaba semestr yakunida barcha fanlardan “aʼlo” (5) baho (reyting koʻrsatkichi 86 ball va undan yuqori) olsa, unda unga stipendiyaning bazaviy miqdori 20%ga oshirilgan holda, yaʼni 564 ming 960 soʻm (avval 513 ming 600 soʻm edi) miqdorida stipendiya tayinlanadi.


Stipendiyali toʻlov-kontraktni tanlagan talabalar uchun:

ularning toʻlov-kontrakt miqdorlari oʻsha-oʻsha saqlanib qoladi, oʻzgarmaydi;

umumiy qoidaga koʻra, agar talaba stipendiyali kontraktni tanlagan boʻlsa, unda har oylik bazaviy 428 ming soʻm stipendiyani hisobga olib, kontraktiga qoʻshimcha 5 mln 136 ming soʻm toʻlagan. Shuning hisobiga ular 12 oy davomida boʻlib-boʻlib 428 ming soʻm stipendiya oladi. Yaʼni oʻzi toʻlagan pulni, oʻzi qaytarib oladi. Endi garchi 1-fevraldan stipendiyalarning bazaviy miqdori oshirilayotgan boʻlsa-da, lekin mantiqan olganda stipendiyali toʻlov-kontraktni tanlagan talabalarning stipendiyasi oshirilmaydi. Chunki ular 428 ming soʻmga moʻljallab kontrakt toʻlagan;

bunday vaziyatda oshirilgan stipendiya olish uchun, ular kontraktiga qoʻshimcha toʻlov qilishiga toʻgʻri keladi. Yaʼni fevraldan boshlab 7 oy uchun 42 ming 800 soʻmdan hisoblaganda jami 299 ming 600 soʻm qoʻshimcha toʻlov qilishi kerak. Ana shunda ular oʻquv yili oxirigacha oshirilgan stipendiya miqdorini — 470 ming 800 soʻmni olishi mumkin boʻladi;

agar stipendiyali toʻlov-kontraktni tanlagan talaba semestrda barcha fanlarni “5” bahoga yopsa, unda bazaviy stipendiyaga nisbatan 20% ustama oladi. Mana shu 20% qoʻshimcha ragʻbatlantirish 1-fevraldan oshiriladigan stipendiya miqdoridan hisoblanadi. Boshqacha aytganda talaba sessiyani “5”ga yopsa, stipendiyasiga qoʻshimcha 94 ming 160 soʻm ragʻbatlantirish oladi. Buning uchun hech qanday qoʻshimcha toʻlov qilish shartmas, faqat sessiyani “5” bahoga yopsa kifoya.


Stipendiyasiz toʻlov-kontraktni tanlagan talabalar uchun:

ularning toʻlov-kontrakt miqdorlari oʻsha-oʻsha saqlanib qoladi, oʻzgarmaydi;

agar stipendiyasiz toʻlov-kontraktni tanlagan talaba semestrda barcha fanlarni “5” bahoga yopsa, unda 94 ming 160 soʻm (ilgari 85 ming 600 soʻm edi) stipendiya oladi. Demak, 10% koʻtariladi. Buning uchun hech qanday qoʻshimcha toʻlov qilish shartmas;

qolgan hollarda stipendiyasiz kontraktni tanlaganlar uchun hech narsa oʻzgarmaydi, hozirgidek qoladi.

(c) Xushnudbek

Shaxsiy kanalimga qo'shiling:
@Mahammadjanov