Get Mystery Box with random crypto!

#USUL Yalqovlikni yengishning qoidasi! Kun davomida ish b | Psixologik Testlar

#USUL

Yalqovlikni yengishning qoidasi!

Kun davomida ish boʻyicha muhim hisobot tayyorlash yoki biror loyiha haqida bosh qotirish kerak. Ammo odatdagidek, buni ortga suramiz va kun oxiriga kelib, juda charchaganimizni, tezroq uyga borishimiz kerakligini, bu yumush bilan ertaga, albatta, shugʻullanishimizni oʻzimizga-oʻzimiz taʼkidlaymiz.

Bu yalqovlik kasaliga mubtalo boʻlganimizdan dalolat emasmikan? Axir, kimdir haftada bir kun erinchoqlik qilsa, boshqa birov bu “ezgu yumush”ga naq besh kunni sarflaydi. Hatto doimiy yalqovlikdan xalos boʻla olmaydiganlar ham oramizda kam emas. Eng yomoni shuki, dangasalik, erinchoqlik tufayli yillar davomida orttirgan “tajriba”mizdan kelib chiqib, oʻzimizga-oʻzimiz osongina yengilishga odatlana boramiz va asta-sekin omadsizlikka yuz tutayotganimizni anglamay ham qolamiz. Demak, “buyuk yalqov boʻlib yetish”masdan avval bu “xislat”ni yaxshi maʼnodagi ayyorlik bilan yengishga harakat qilishimiz kerak.


Birinchi qadam muhim!

Ming chaqirimlik yoʻl ham birinchi qadamdan boshlanadi, degan gap aynan dangasalarni tarbiyalash uchun oʻylab topilgan boʻlsa kerak. Chunki siz javoningizda dazmol bosilishi kerak boʻlgan kiyim-kechaklar uyilib yotgan boʻlsa-da, hali ham televizor qarshisida oʻtiribsiz. Bahonangiz tayyor: charchadim, bu yumushlarni tugatgunimcha eh-he... Shunday paytda shunchaki oʻrningizdan turib, eshik oldiga boring. Bu kichik qadam katta ishlarni boshlashga sabab boʻladi.

Katta yumushni kichik boʻlaklarga ajratish kerak

Katta ishlarning masʼuliyati har qanday kuchli istakni ham soʻndirishi mumkin. Shuning uchun psixologlar biroz hiyla ishlatishni tavsiya qilishadi: bitta katta yumushni oʻnta kichigiga taqsimlab chiqing. Ulardan birini bajarganingizdayoq, oʻz-oʻzingizdan qoniqish hosil qilasiz va keyingisiga kirishib ketasiz.

Rejalashtirish usuli

Ishlaringizni tartibga solganingiz hamon ular u qadar koʻp emasligiga amin boʻlasiz. Buning uchun bir dona oq qogʻoz olib, uni toʻrt buklang. Boʻyiga “shoshilinch” yoki “shoshilinch emas” deb, eniga esa “muhim” yo “muhim emas”, deb sarlavha qoʻying va bajarishingiz kerak boʻlgan ishlarni saralab oling.

Ishtiyoq uygʻonsin

Ishtiyoq – juda kuchli xohishdir. Ammo, kunu tun u haqda oʻylasangiz ham xohish soʻnib qolishi mumkin. Xoʻsh, nima qilish kerak? Bajarishingiz lozim boʻlgan ish haqida koʻproq maʼlumot toʻplang. Yangi fikrlar, gʻoyalar shundagina paydo boʻladi va asta-sekin sizda ishtiyoq tugʻiladi.

Sabablarga oydinlik kiriting

Har bir harakat asosida oʻziga yarasha sabablar boʻladi. Xuddi shu yozilmagan qoida biror ishni bajarmaslikka ham taalluqli. Shu bois agar kundan-kunga hisobotni kechiktirib borayotgan, ishlarni ortga surayotgan boʻlsangiz, ishingizni oʻzgartirish yoki boshqa biror chora haqida oʻylab koʻring.

Muddatni oʻzgartirish ham foydali

Bu usul tabiatan gʻayratli odamlarga moʻljallangan. Masalan, rahbariyat aytgan oxirgi muddatdan avvalroq shu ishni yakunlashga harakat qilishni olaylik. Bunda ishingiz oldinga siljiyotganini sezishingiz aniq. Zero, boshqalardan avvalroq ishni uddalaganingiz uchun oʻzingizga ishonchingiz ortadi. Bu esa omad kalitidir.

Aniq maqsad sari

Koʻpincha, biror ishni boshlashdan avval omadsizlikka uchrashdan qoʻrqamiz va uni iloji boricha ortga suramiz. Shu bois psixologlar amalga oshirish u qadar qiyin boʻlmagan maqsadlar sari intilish kerakligini taʼkidlashmoqda. Bunday qiling: biror ishni boshlayotganda uning natijasi haqida bosh qotirmay, yaxshisi, orttirishingiz mumkin boʻlgan tajriba haqida oʻylang.