Get Mystery Box with random crypto!

QDPI rektorining bayram tabrigi Assalomu alaykum, qadrli hamk | QDPI rasmiy sahifasi

QDPI rektorining bayram tabrigi

Assalomu alaykum, qadrli hamkasblar, aziz talabalar va ishchi-xodimlar!

Shu kunlarda mustaqil yurtimizning barcha hududlari, shahar-u qishloqlari, mahalla-yu guzarlari oʻzgacha koʻrku tarovat ogʻushida. Boisi, mamlakatimiz hayotidagi unutilmas tarixiy kun, barchamizning asriy orzu umidlarimiz roʻyobi boʻlgan istiqlol tantanalarining qutlugʻ 31 yilligini koʻtarinki kayfiyatda, shodu hurramlik bilan nishonlamoqdamiz.

Barchangizni tariximizda qadr-qimmati va ahamiyati yillar, asrlar o‘tgani sayin tobora ortib boradigan buyuk tarixiy voqea – jonajon Vatanimiz mustaqilligining 31 yilligi bilan chin qalbimdan samimiy qutlashga ijozat bergaysizlar.

“Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili”da ushbu yilga hamohang ravishda boshlangan chuqur islohotlar yurtimiz bo‘ylab davom ettirilmoqda.

Ortda qolgan o‘quv yilini sarhisob qilganimizda ko‘plab yutuqlarni qo‘lga kiritganimizni e’tirof etishimiz joiz. O‘tgan o‘quv yili davomida istitutimizning o‘nlab professor-o‘qituvchilari Qozon federal universiteti, Britaniyaning Norvich til ta’limi institutiga ilmiy stajirovkalarga yuborildi.

Ilmiy sohada institutmizda O‘zbek tili, Til nazariyasi. Amaliy va kompyuter lingvistikasi ixtisosliklari bo‘yicha ilmiy kengash ochildi hamda institut tarixidagi ilk dissertasiya himoyasi o‘tkazildi.

Shu yilning o‘zidayoq 8 nafar talabamizning O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va nomli davlat stipendiyalariga sazovor bo‘lganligi, o‘ylaymizki, uchinchi renesans davrining bunyodkori bo‘lmish yoshlarni yangi marralar sari undashi shubhasiz.

Institut talabalari Osiyo va jahon maydonlarida mamlakatimiz sharafini munosib himoya qilib g‘olib hamda sovrindorlar qatoridan joy olmoqda. Ayniqsa, Yaponiyaning Tokio shahrida bo‘lib o‘tgan yozgi Paralimpiya o‘yinlarida Jismoniy madaniyat fakulteti talabasi Mohigul Hamdamovaning oltin medalni qo‘lga kiritishi institut tarixida unitilmas voqea bo‘ldi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan yoshlar bilan ishlashda yangicha tizimni joriy etish borasida ilgari surilgan Besh tashabbusning ijrosi ta’minlash, shuningdek talabalarning darsdan bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish, ularga shart-sharoit yaratish va ijtimoiy himoyalash, talabalarini o‘quv jarayonlarini mazmunli o‘tkazish, olingan nazariy bilimlarini amalda mustaxkamlash, oliy ta’lim — ilm-fan — ishlab chiqarish o‘rtasida integrasiyani chuqurlashtirish maqsadida institut qoshida non va non mahsulotlari ishlab chiqarish sexi, shuningdek, kulolchilik, mebel ishlab chiqarish, qandolatchilik, atlas va adras matolar to‘qish hamda tikuvchilik sexlarini o‘zida birlashtirgan “Yosh hunarmandlar uyi” unitar korxonasi tashkil etildi. Shu bilan birga yaqindagina foydalanishga topshirilgan zamonaviy IT-park kelajakda zamonaviy bilim va ko‘nikmalarga ega kadrlar tayyorlashda muhim rol o‘ynaydi.

Joriy o‘quv yilidan boshlab institut qoshida faoliyatini boshlayotgan “Institute school” maktabi hamda maktabgacha taʼlim muassasasida kelajagimiz egalari tahsil ko‘radi hamda yurtimiz ravnaqi uchun munosib kadrlar bo‘lib yetishadi deb ishonaman.

Qadrli jamoadoshlar!

Bu yil yurtimizda bayram tantanalari “Yangi O‘zbekistonda el aziz, inson aziz” degan ezgu gʻoya ostida keng nishonlanmoqda.

Bugungi ulugʻ ayyom kunlarida barcha yurtdoshlarimizga, mamlakatimizga har tomonlama yetuk kadrlarni tarbiyalab berayotgan ziyolilarimiz, taʼlimi sohasi vakillari, shijoatli yoshlarimizga yuksak hurmat va ehtirom bildiramiz.

Sizni va yaqinlaringizni istiqlolimizning qutlugʻ toʻyi bilan yana bir bor muborakbod etaman. Barchangizga sihat-salomatlik, kuch-quvvat va omad, xonadonlaringizga fayzu baraka tilayman.

Mustaqilligimiz boqiy, bayram shukuhi fayzli, istiqlolimiz nurafshon boʻlsin!


D. Sh. Xodjayeva
QDPI rektori.

•┄┄┄┄┄┄┄┄┄┄༻❅༺┄┄┄┄┄┄┄┄┄┄•
Web-sayt|Telegram|Facebook|Insta|Youtube