Get Mystery Box with random crypto!

BUGUN TUNDA KELARMISH BAHOR... Derazangdan moʻralab asta, Gul | Kitob – Ilm manbai 📖📚

BUGUN TUNDA KELARMISH BAHOR...

Derazangdan moʻralab asta,
Gul yuzingdan boʻlib shikasta,
Uzun qishga siltab qoʻlini,
Ham qalbingdan boshlab yoʻlini,
Toʻqqiz oyki, yelarmish bahor,
Bugun tunda kelarmish bahor...

Qor-u muzni suvga gʻarq qilib,
Izgʻirinni butkul tark qilib,
Eshitgandek mening nolamni,
Guldastaga oʻrab olamni -
Tushda boshing silarmish bahor,
Bugun tunda kelarmish bahor...

Goʻzallikni eltib jahonga,
Sano aytib har oʻtgan onga,
Jamolingga boʻlib mahliyo,
Istarangdan olgancha ziyo-
Bizga iqbol tilarmish bahor,
Bugun tunda kelarmish bahor...

Unutilar hazonrez kuzak,
Tabassuming yuzingga bezak.
Mehrlaring menga ogʻdirib,
Yomgʻirlarin yerga yogʻdirib,
Suvlarini elarmish bahor,
Bugun tunda kelarmish bahor...

Hissiyotga toʻldirib dilni,
Kengaytirib kichik koʻngilni,
Duolarga ijobat yetib,
Tabiatni chamanzor etib,
Baxtimizdek kularmish bahor,
Bugun tunda kelarmish bahor...

@Kitobshunoslik – Ilmga oshno qalblar uchun!