Get Mystery Box with random crypto!

Maqsad ravishdoshi (-gani) hamda sifatdoshning -gan shakliga e | Kelajakka bir qadam

Maqsad ravishdoshi (-gani) hamda sifatdoshning -gan shakliga egalik qo'shimchasi (-i) qo'shilgan shaklni qanday farqlash mumkin?

Avvalambor, mazmunan farqlanadi. Ravishdosh doim maqsad ma‘nosini ifodalaydi va gapda FAQAT MAQSAD HOLI vazifasida keladi. Sifatdosh esa barcha vazifalarda kelishi mumkin.

Maqsad ravishdoshi (-gani) va o‘tgan zamon sifatdoshiga III shaxs egalik qo‘shimchasi qo‘shilgan holatni (-gan/i) farqlashning boshqa usullari:
- maqsad ravishdoshi doim bitta "Nima maqsadda?" so‘rog‘iga javob bo‘lib, odatda, gapda fe‘l kesimga bog‘lanadi va uning yonida frazaviy urg‘u oladi (o‘qigani keldim);
- maqsad ravishdoshidan keyin hech qanday qo‘shimcha kelmaydi;
- maqsad ravishdoshi bo‘lishsiz shaklga ega emas. (Darsga tayyorlangani keldim.) Ayni paytda sifatdosh "-gan/i" shaklida bu mavjud. (Uning darsga tayyorlanMAgani meni achchiqlantirdi);


- o‘tgan zamon sifatdoshining egalikni olgan shakli (-gan/i) esa gapda, odatda, kelishiksiz shaklda otlashgan ega bo‘lib keladi. (O‘qigani foyda berdi) Kelishiklar bilan turlanganda esa boshqa vazifalarda ham keladi. (O‘qiganini ko‘rdim) Demak, sifatdosh (-gan/i) erkin holatda qo‘shimchalarni qabul qiladi;
- sifatdosh shaklidagi "-gan/i", asosan, o‘zidan oldin qaratqichdagi so‘zni tobelantirgan bo‘ladi (Uning o‘qigani qo‘l keldi);
- ko‘makchilardan oldin keladigan "-gan/i", albatta, sifatdoshdir. (O‘qigani uchun/sayin/sari/bilan/haqida) Chunki ko‘makchilar ot, olmosh, sifatdosh va harakat nomidan keyin keladi. Ravishdoshdan keyin emas.

Ko‘pchilik oxirgi shaklga ravishdosh sifatida qaraydi. "Yegani sayin yegisi keldi" gapida "-gan/i" shaklidan oldin qaratqichni shakllantirish g‘alizlikka olib kelsa-da, bunda aynan sifatdosh va egalik shakli qatnashgan.)