Get Mystery Box with random crypto!

Qizlarga imkon bering... Hamma muammoni ildizi ta‘limda. Univ | Kamol Madaminov

Qizlarga imkon bering...

Hamma muammoni ildizi ta‘limda.
Universitetda tahsil olgan va unda o‘qimagan kishi tashqi ko‘rinishida farq qilmasligi mumkin, ammo besh daqiqalik suhbat buni ochib berishi mumkin.

To‘g‘ri hozir universitetda o‘qitilayotgan qo‘llanmalar yaxshigina eski.
Lekin ko‘pchiligi hozirgi kunda aktualligini yo‘qotmagan.

Universitetda o‘qishga yagona sabab bu emas, albatta.

O‘z sohangiz bo‘yicha yangi tanishlar, ko‘zi yonib turgan yoshlar.
Va albatta dunyoqarash ham yaxshigina o‘zgaradi. Shu narsalar uchungina o‘qisangiz arziydi.

Bu gaplar faqat tibbiyot va huquq sohalariga tegishli emas! Ular uchun darslikdagi har bir material muhim

Bizda trend ketyapti.
"Universitetda o‘qish shart emas, diplom kerakmas!"
Hamma joyda shu gap aylanmoqda.
O‘zim ham shu qarashda bo‘lganman.

Bu fikrimni ancha to‘g‘riroq tomonga shakllantirishga yordam berganlarga katta rahmat :)

Bu post hozir ketayotgan trend haqida emas.

O‘z xohishi bilan o‘qimaslikni qaror qilganlar ko‘p.
Lekin ota-onasi va boshqa yaqinlari aytgani uchun o‘qiyolmayotganlar ham bor.

Aynan O‘zbekistonda bu holat tez-tez uchrab turadi.
Ha, gap aynan qizlar oliy ta‘lim ololmayotgani haqida ketyapti.

Vatanimiz boshqa davlatlardan ancha orqada. Ayniqsa ta‘lim sohasida.
Bunga qizlarni o‘qishiga bo‘lgan qarshilikni asosiy sabab qilib ko‘rsatolaman.

Oila. Er va ayoli. Ko‘p vaziyatda ham qarorlar o‘zaro kelishuv bilan qabul qilinadi. Bunda ayollarning fikri alohida ahamiyat kasb etadi. Va bu vaziyatda universitetda o‘qigan va faqat maktab yoki kollejda o‘qigan ayol boshqa boshqa yondashuv bilan qaraydi.

Farzand tarbiya qilganda ham jamiyatimizda o‘g‘lini o‘qishini yoinki o‘qimasdan ishlashini ko‘proq ona hal qiladi. (To‘g‘ri qarorni erkak qabul qiladi, lekin erkakni bu qarorga uning turmush o‘rtog‘i olib keladi).

Shunda bir oilada farzandlarni ta‘lim olish yo olmasligi ko‘proq onani qo‘lida ekan. Albatta ona o‘qigan bo‘lsa farzandi nega o‘qishi kerakligini tushunadi va shunga qarab harakat qiladi.

Ora-orada boshqacha onalar ham uchrab turadi.
O‘zi o‘qimagan, lekin bolam o‘qisin deydi. Menga bo‘lmasayam bolamga bo‘lsin deydi.
Ko‘p hollarda o‘zlari o‘qimagan onalar oliy ta‘limni ahamiyatini tushunishlari ancha qiyin bo‘ladi.

Meni onam esa qahramonlardan. O‘zi o‘qimagan bo‘lsada, bizni o‘qishimiz uchun qo‘lidan kelgan barcha ishni qildilar. Va mana hozir TATUda o‘qiyapman.

Biz hozir juda muhtojmiz. Kimga?
O‘qigan qizlarga. Aynan ulargina yurtimizni rivojlantirishi mumkin.
Shifoxonalar, ta‘lim olish dargohlari va yana juda ko‘plab joylar o‘qigan qizlarni kutyapti.

Agar qizingiz bo‘lsa, uni albatta o‘qiting.

O‘g‘lingizni ham o‘qiting. Ertaga bir oilaga boshliq bo‘ladi. O‘z sohasida ham yaxshi mutaxassis bo‘ladi.

Qizingizni o‘qitishingiz esa shart! Iltimos, o‘zlari o‘qishni xohlayotgan bo‘lsa, qarshilik qilib qiz bola bo‘lganiga pushaymon qilmang...
Ayol kishini ham qo‘lidan ko‘p ish keladi.

Baribir turmush qurgandan keyin ishlamaydi deysizmi?
Lekin, o‘sha qizingiz ertaga yana bir shaxsni tarbiyalaydi.

Bundan ortiq yana qanday sabab keltirishim kerak qizingizni o‘qitishingiz kerakligini uqtirish uchun?