Get Mystery Box with random crypto!

Qo'riqxona Asraymiz o‘simlik xillarin tayin, Asraymiz hayvonl | Shaxsiy kabinet

Qo'riqxona

Asraymiz o‘simlik xillarin tayin,
Asraymiz hayvonlar kamyob zotini.
Hatto atroflarin o‘rab atayin
Qo‘riqxona deymiz so‘ngra otini.

Sayoq ovchilarga u yon yo‘l bo‘lsin,
Jarima solamiz, qamaymiz hatto.
To u jonzotlarni tinchiga qo‘ysin,
Qirilib bitmasin tirik dunyo to.

Munis mavjudotga mehr-u shafqat bu,
Bu inson qalbida balqqan hamiyat.
To yashar qaydadir bu yanglig‘ tuyg‘u,
Har nechuk qirilib ketmas tabiat.

Olamda ko‘p narsa kamyob bir qadar,
Ne-ne tuyg‘ular ham kamyobdir, alhol.
Men derdim sof qalbni uchratgan safar,
Darhol o‘rab oling atrofin, darhol.

Insof yo‘qolmasin, o‘rang mustahkam,
To uni yuzsizlik etmasin xarob.
Ezgulikni asrang, olamda u ham
Tojdor turna kabi bo‘lmasin kamyob.

Oqibatni asrang, oqibat go‘yo
Ayiqday qaydadir topmasin zavol.
Hayoni asrangiz, kuymasin hayo
Otashga duch kelgan polapon misol.

Imonni asrangiz, u doim tanho,
Undadir mujassam inson matlabi.
Avlodlar axtarib yurmasinlar to,
Uni allaqanday Qor odam kabi.

Vijdonni asrangiz har nedan ortiq,
Yagona zaminni asragansimon.
Bobolardan qolgan noyob bu tortiq
Toki avlodlarga yetolsin omon.

Ezgu, latif hislar bo‘lmasin tahqir,
Bulbulni boyqushga topshirmang zinhor.
Xudbin va dilozor kimsaning, axir,
Og‘zi qon yirtqichdan qanday farqi bor?!

To‘qayga o‘t ketsa yongay bus-butun,
Adolat borliqqa yolg‘iz onadir.
Dunyo ham, insonlar qalbi ham bugun
Yovuzlikdan zada Qo‘riqxonadir.

Abdulla Oripov

@kab1netim