Get Mystery Box with random crypto!

Faraz qilaylik meni universitetga borish yoshidagi farzandlari | k_Hayitaliyev (shaxsiy blog)

Faraz qilaylik meni universitetga borish yoshidagi farzandlarim bor. Agar ular Harvard, Stanford, Yale va shu kabi mashhur universitetlarga boraman desa chuqur o’ylab ko’rgan bo’lar edim. Birdaniga 100% qo’llab-quvvatlashdan o’zimni tiygan bo’lar edim. Nega unday?

Sabablari bir nechta. Ayrimlari quyidagilar:

- ohirgi 10-15 yil ichida universtitetlar chuqur, erkin va atroflicha fikrlashni o’rgatishdan ko’ra, odamlar ko’nglini og’ritmaslik haqida ko’proq qayg’urishayotgandek. Bu achinarli holat. Akademiya haqiqatni qidirishni o’rgatadigan makon bo’lishi kerak deb o’ylayman. Fikrimcha ayni vaqtda g’arbdagi akademiya, ayniqsa AQShdagi, bu borada ortda qolmoqda. Ular haqiqatni qidirishni, tanqidiy fikrlashni o’rgatishdan ko’ra, mafkuralar singdirish bilan mashg’uldek. Fikrimcha bunday davom etilsa kelajakda jamiyat tomonidan qattiq qarshi zarba bo’ladi.

- farzandlarim qaysi sohani tanlashi hohishiga qarab, universitetda o’qish zarur yoki zarur emasligini o’ylab ko’rishni tavsiya qilgan bo’lar edim. Agar IT sohalarini tanlashni afzal ko’rsa, maktabdan keyin 1-1,5 yil tanaffus olib, dunyoni sayohat qilib, turli davlat va madaniyatlarda kamida 3-4 haftalab yashab, mustaqil ravishda IT o’rganishni, undan keyin ish topib, mustaqil bo’lishini tavsiya etgan bo’lar edim. Agar amaliyotga qattiq bog’langan sohani, misol uchun tibbiyotni tanlashsa, tabiiyki universitetda o’qish zarur.

- fikrimcha universitetlar talab etadigan narh, ular beradigan bilimga har doim ham mos kelavermaydi. Universitetda o’qishni katta afzalligi bu do’stlar orttirish va ular bilan kelajakda aloqalarni (do’stlik yoki biznes) ushlab qolish. Hozirda 18-22 yoshdagilar uchun bunday imkoniyat beradigan jamiyat institutini topish muammo. Shuning uchun ham o’qish vaqtida qanday do’stlar tanlashni obdon o’ylash kerak.

- 3-4 yil universitetda vaqt sarflash bu aksar sohalarni o’rganish uchun juda ko’p vaqt. Avvallari bilim olish uchun vaqt kerak edi. Oddiy bir mavzuni kitobdan topib o’qish uchun, talaba yotoqxonadan chiqib, avtobusga o’tirib, kutubxonaga borib, kitobni topib, mavzuni topib, ko’chirib, o’qishi va o’zlashtirishi kerak edi. Bitta mavzu bo’yicha bitta kitobdan ma’lumot olish uchun kamida yarim kun vaqt ketar edi. Agar bir nechta kitobdan topish kerak bo’lsa bir necha kun vaqt ham ketishi mumkin edi. Hozir bunga ehtiyoj yo’q. Amaliyotga qattiq bog’liq bo’lmagan (misol IT kabi) istalgan sohadagi bakalavr dasturini olsak, shu sohadagi bilim va ko’nikmalarni 4 yilda emas, balki 1 yilda o’rganish mumkin.

Bu uchun o’rganish bilimini o’rganish kerak. Menimcha muammo ham shunda aslida. Biz farzandlarimizga o’rganish bilimini bera olishimiz kerak.

Bek Olimjon