Get Mystery Box with random crypto!

HURLIKNING OʻTTIZ BIR YOSHI El va inson aziz boʻlgan zamonda, | O'qituvchilar | Ўқитувчилар

HURLIKNING OʻTTIZ BIR YOSHI

El va inson aziz boʻlgan zamonda,
Zamin uzra baxti kulgan makonda,
Ozod va obod yurt – Oʻzbekistonda,
Oʻttiz bir farovon davron muborak!

Ajdodlar armoni oʻshaldi bugun,
Shu kun deb, ne zotlar oʻtdilar burun.
Oʻz noming yangragan jahonda bu kun,
Oʻttiz bir navqiron komron muborak!

Yanchilgan boshoqday tarixing bordir,
Togʻlaring boshida asrlik qordir.
Lek yoʻling ravondir, toleing yordir,
Oʻttiz bir qutlugʻ yosh mehmon muborak!

Oʻtdilar Shiroqdek bobolaring ham,
Yutdilar Toʻmaris momolaring gʻam.
Ammo yovga ular boʻlmadi qaram,
Oʻttiz bir ming yillik arkon muborak!

Allohim, hidoyat kelgani hamon,
Yuz burdi ixlos-la, bu xalq Sen tomon.
Buxoriy koʻziga nur bergan iymon,
Oʻttiz bir tong bongi – azon muborak!

Ilmdan yuksaldi sharafu shoning,
Xorazmiy, Beruniy yashagan oning.
Ma’rifat beshigi boʻlgan dunyoning,
Oʻttiz bir ummondek urfon muborak!

Jaloliddin kabi oʻgʻlonlar yurti,
Vatan deb Kubroning yongan vujudi,
Hali hech yurakda soʻnmagay oʻti,
Oʻttiz bir joningga qalqon muborak!

Buyuk fotihlarga toʻlgan Ona Yer,
Temur, Boburlaring olam ichra sher.
Masihdek tilimga jonbaxsh Alisher,
Oʻttiz bir dardinga darmon muborak!

Davrlar ne zotlar koʻrdilar sinov,
Jadidlar hayoti misoli olov.
Qish edi Shimolda, bizda ham qirov,
Oʻttiz bir qutlugʻ qon – Choʻlpon muborak!

Kuzning ilk muborak ozodlik tongi,
Porloq kelajakning taraldi dongi.
Qayta tugʻulmoqlik shuuri, ongi,
Oʻttiz bir shonimga E’lon muborak!

Hayot nafasining totli har oni,
Yashnagan chamani, bogʻ-u, boʻstoni,
Serquyosh, musaffo, rizqli osmoni,
Oʻttiz bir yoz bergan xirmon muborak!

Bugun orzularing unib bogʻ boʻldi,
Yoshlaring Vatanga tayanch togʻ boʻldi.
Duogoʻy keksalar umri chogʻ boʻldi,
Oʻttiz bir hurlikka imkon muborak!

Dorilomon kunlar boʻlsin abadiy,
Tashvishlar oʻtguvchi sabodek foniy.
Ulugʻ maqsad sari olgʻa yur qat’iy,
Oʻttiz bir dovonga sarbon muborak!

Eng ulugʻ ne’mat bu – ozodlik, haqqim,
Qorachiqdek uni asrasin har kim.
Mehringdan yashnasin ona yurt, xalqim,
Oʻttiz bir umrimga ehson muborak!

Hamid IKROM
Qoʻqon universiteti talabasi