Get Mystery Box with random crypto!

Abdulla Oripov Sharqiy Turkiston Men seni avval boshdan | Mr. Strange

Abdulla Oripov

Sharqiy Turkiston

Men seni avval boshdan
Yetuk deb o'ylagandim.
Bobolardan qolgan bir,
Bitik deb o'ylagandim.
Oqsoq bo'lsangda seni,
Tetik deb o'ylagandim.
Sho'rginang qursin sening,
Jonim Sharqiy Turkiston.
Begona emas mening
Qonim, Sharqiy Turkiston.

Na ota-yu onani
Tanimay qolibsan sen.
Kimsa bilmas manzilga,
Yo'lingni solibsan sen,
Balki bu safar qaltis,
Horibsan, tolibsan sen.
Sho'rginang qursin sening,
Jonim Sharqiy Turkiston,
Begona emas mening
Qonim, Sharqiy Turkiston.

Bolang kelsa bezrayib,
Tilini ham bilmaysan,
Birovga-ku yuqtirmay,
O'zingga ham yuqmaysan.
Dehqonsan-u zaminga
Biror nihol ekmaysan.
Sho'rginang qursin sening,
Jonim Sharqiy Turkiston,
Begona emas mening
Qonim, Sharqiy Turkiston.

Mehmon kelsa izida,
To'rtta beshta izi bor,
Bu elning na g'ururi
Va na aytar so'zi bor.
Gohi-gohi shoirning
Yig'lab turgan ko'zi bor,
Sho'rginang qursin sening,
Jonim Sharqiy Turkiston,
Begona emas mening
Qonim, Sharqiy Turkiston.

Ha, bir zamon sening ham
Yurgan yo'ling oq edi,
Lekin birov u dedi,
Bunisi bundoq dedi.
Rahmon osh pishirganda,
Oqibat shayton yedi.
Sho'rginang qursin sening,
Jonim Sharqiy Turkiston,
Begona emas mening
Qonim, Sharqiy Turkiston.

Ahvolingga qarab men
Yig'ladim bugun netay,
Har nechuk jigarimsan
Men yurak qayga ketay.
İqbolingni axtarib,
Ka'baga toki yetay.
Sho'rginang qursin sening,
Jonim Sharqiy Turkiston,
Begona emas mening
Qonim, Sharqiy Turkiston.

Asl-asl insonlar
Quchog'ingda bor balki,
Oh, qandayin daholar,
Bee'tibor, xor balki.
Diydiyoni o'ziga
Bilishadi or balki,
Sho'rginang qursin sening,
Jonim Sharqiy Turkiston,
Begona emas mening
Qonim, Sharqiy Turkiston.

1991-yil 9-may. Urumchi

Abdullaorifijodi

@Janob_Strange