Get Mystery Box with random crypto!

Ismingizni to’g’rilashdan boshlang Ijtimoiy tarmoqlarda e’tib | Asadbek's Blog

Ismingizni to’g’rilashdan boshlang

Ijtimoiy tarmoqlarda e’tibor berishimiz shart bo’lgan ba’zi bir muhim narsalar haqida. (Ehtiyot bo’ling chili qo’shilgan gaplar))

- ijtimoiy tarmoqlarda iloji boricha o’zingizni ism-familiyangiz bilan ifodalang;
E’tibor bersangiz, insonlarga dastlab ko’rinishi, so’ngra ovozi undan keyin esa fikrlari orqali baho beriladi. Ijtimoiy tarmoqlarda ham xuddi shunday: dastlab ko’rinishidan (yozib qo’ygan ismi va qo’ygan rasmidan), so’ngra yozishmasidan, undan keyin esa yozishmadagi ma’nodan…

Profilingizda ism-familiyangizni yozib qo’yishingiz - sizni haybatli, jiddiy va mas’uliyatli qilib ko’rsatadi. Lekin, profilingizda “sevgm senga uvol, kechrmaymn yuqol”, “shokoladka” deb yozib qo’ysangiz sizni qanday tushunish kerak?!

Bittasini o’qib qotib qolibman, 25 yoshga kirib, kunning yarmida, hayotimda bunchalik bema’ni gap o’qiyman deb o’ylamagan edim: “qizimi sensrli ayfoni bolmasayam gulli romoli bosn”, ekandaa Eng qizig’i telegram profilida shunaqa yozib qo’yishadi.

Bunaqa narsalar sizning haybatsiz va qadrsiz ekanligingizni bildiradi. Vazningiz yo’q. Insonning vazni, haybati va chiroyi uning muomala madaniyati bilan belgilanadi. Muomala madaniyatining birinchi alomati esa, ism-familiyasini to’g’ri yozishi. Xullas bu borada gapirsa gap ko’p.

- iloji boricha o’zingizning rasmingizni qo’ying;
Profilingizda asosiy fonda turadigan eng chiroyli narsa bu - o’zingizning rasmingizdir. Yoki, aynan sizni ifodalay oladigan bir surat. Albatta hammaga ham o’zining suratini joylash yoqmaydi, bunday holatlarda hech bo’lmaganda yuqoridagidek aforizmlar yozilgan rasm qo’ymang, iltimos. “dostlarim kasal bolsa kerak bolsa ibn sinoni uygotaman”, auf, degandek…

O’zingizni hurmat qiling, shundoq chiroyli yuzingizga nomunosib narsani yopishtirib olyapsiz.

- yozishmalaringizga juda e’tiborli bo’ling;
Farosatsizlarcha yozmang. Chiroyli salom bilan boshlang, sog’liq so’rang, undan keyin maqsadga o’ting. Muammolaringiz va dard-u dostonlaringizning o’rni bo’lmasa (modomiki buvijoningizga yozmayotgan bo’lsangiz) yozmang. Ishonavering u hech kimga qiziq emas. So’roq, undovlarni bitta qo’yavering, 3 ta qo’ymang (??? qilib, yoki befarosatmisiz…)

Xatlaringizni bo’lib yozmang. Bu juda muhim.

Bilmadim-u, menga juda ko’p murojaat bo’lganiga, oxirgi paytlar shunaqa narsalarga e’tibor bermagan odamlarga javob bergim ham kelmaydi.

Imloda xato qilishimiz bu - eng katta dardimiz…

Yuqoridagilar eng muhim narsalar. Shularning o’zini o’z o’rnida qo’yish bilan siz istagingizning 40 foiz qismini hal qila olasiz. Ayniqsa bu narsalarga e’tibor beradigan joylarda.

Ishga kirish maqsadida murojaat qilayotgan bo’lsangiz yozishmalarda quyidagilarga amal qilishingiz zarur:

- yuqoridagilarga amal qilgan holatda, rezyume tashlang;
- o’zingiz haqingizda iloji boricha to’liqroq ma’lumot bering;
- portfolioyingiz bo’lsa, uni ham tashlang;
- xarakteringizni ko’rsatmang;

Lekin nima yuborsangiz ham “forward” qilmang, iltimos. Bu hamma ham sezmaydigan farosatsizlikning everest nuqtasi hisoblanadi.

Biz bu ketishda qachon jamiyatni izzatli qilamiz hayronman, to’g’ri muomala qilishni ham bilmaymiz hali.

@alizairov