Get Mystery Box with random crypto!

USHOQ KADRI – Aya, non yegim kelmayapti, ovqa-at. – Ana, qay | Islomiy Statuslar

USHOQ KADRI

– Aya, non yegim kelmayapti, ovqa-at.
– Ana, qaymoq bilan yeb turgin, hozir sho‘rva pishadi.
– Qaymog‘iz eskirib qopti, yemayman.
Onamga xijolatomuz qarab qo‘yib, endi qizchamni koyimoqchi bo‘lgandim, og‘zimni ochgani qo‘ymay, darrov yangi qaymoq soldirib keldi.
– Qo‘y, bolam, shuginamning ko‘ngli cho‘kmasin. Ol, momo qizim, oqqanddan ham sol.
– Besabr bo‘lmasin, deb koyiyman-da.
Issiq choyda qandning qum minoradek qulashini berilib tomosha qilayotgan nevarasining sochlarini silab, alqar ekan, onam bir xo‘rsinib qo‘ydi.
– Iloyo, biz ko‘rgan kunlarni bular ko‘rmasin, – deya ko‘rpacha chetidagi non ushog‘ini avaylab olib og‘ziga soldi. – Shu ushoqning qadri ham oltinga teng edi bir paytlar.
Bolaligimda eshitganim, meni tarbiyalagan, shukr tushunchasini ilk bor dilimga solgan hikoyalardan birini borliqni unutgancha tinglay boshladim.
– O‘shanda ocharchilik ayni avjiga chiqqan, dadam qazo qilganiga ancha yil bo‘lgan paytlar edi. Yana degin, singlim betob, onam sho‘rlik azonda o‘zi yemay bizga yedirib, katta akalarim bilan dalaga ketardi. Singlim ikkovimiz Ismat akam bilan qolardik. Onam qaytgunicha ochiqib ketar, uyda ushoq ham yo‘qligini bila turib das­turxon, qozon-tovoq titkilab, yegulik izlayverardik. Sholcha osti yoki kavak­lardan don-dun, bug‘doy topib olsak, quvonishimizni ko‘r!
Ismat akamning zimmasida ham enagalik, ham ro‘zg‘or yumushlari. Ustiga-ustak ertalab onam “Sen kattasan, o‘g‘il bolasan, ukalaring tuzukroq yemasa bo‘lmaydi”, deb burda nonning ham bir qismidan bebahra qilib ketgan. O‘sha kuni ochlik uning ham jon-jonidan o‘tib ketdi shekilli, un xaltani titkilab qoldi. Keyin xontaxtani surib, kech kuzning sovug‘i tufayli sandalga solingan cho‘g‘ni bir joyga to‘pladi. Avval uxlab yotgan singlimga, keyin menga qarab o‘ylanib qoldi.
– Surma, hozir ajina keladi, sen sandiqqa kirib yotib tur.
Qo‘rqib ketdim.
– Nega kelarkan? Singlim-chi?
– U uxlayapti, unga tegmaydi. Men seni uxlayapti deb aytaman, xo‘pmi?
Yuragim dukurlab, akam mehrobdagi sandiqni ochishi bilan ichiga kirdimu dadamning eski to‘ni ustida muk tushib yotib qoldim. Sandiq yoriqlaridan kirgan nim shu’lalarga termulib qancha yotdim, bilmayman. O‘shandayam yuvosh ekanman, “miq” etmabman. Bir mahal dimog‘imga issiq zog‘ora nonning hidi “gup” etib urildi.

Entikib ketdim, ajinani ham unutdim.
– Aka, oching, ako‘v!
– Jim tur, ajina ketsin.
Sandiq yorig‘idan qarasam, akam kaftdek xamirni yupqa qilib kapgir ustiga qo‘yib, cho‘g‘ tepasida ushlab turar, bo‘sh qo‘lidagi zog‘ora kulchani og‘zi kuygancha chaynab-chaynamay yutar edi… Endi yig‘ini boshladim. Darrov sandiq ochildi. Ikkinchi kulchani uchchovimiz baham ko‘rdik. Har birimizga chorak kaftchalik, xom-xatala zog‘ora tegdi. So‘ng bechora akam kun bo‘yi “ajina” voqeasini onamga aytmasligimni uqtirib, yalinib yurdi. Albatta, men aytmadim. Biroq yaqinda akam bir umr bu voqeani unutolmaganini eshitib, yuragim ezilib ketdi. Chunki o‘sha yili qishda bug‘doysiz qolib, sholg‘om qaynatib yeyaverganimizdan singlim shishib ketib, nobud bo‘lgan… Akam go‘yo o‘shanda jigaridan yarimta kulchani qizg‘angani uchun shunday bo‘lgandek, armon qilib yurgan ekan. Ha, bolam, shunaqa kunlar ham bo‘lgan. U paytlar ovqat tanlash qayoqda, ushoqqayam shukur qilardik.
Onam birdan to‘xtab, qizchamga termulib qoldi. Yangi qaymoq buzilmay turar, erkatoyim ko‘zlarini bizdan yashirgancha, kechagi qaymoqqa non botirib yer edi.


Кўк линкни босиб каналимизга обуна бўлинг
https://t.me/+oFvBZCancho0MzIy
https://t.me/+oFvBZCancho0MzIy