Get Mystery Box with random crypto!

Aynu Jolut tarixidagi eng ahamiyatli jang Misr sultoni Muzaf | Islomda fakt || 𝗥𝗔𝗦𝗠𝗜𝗬

Aynu Jolut tarixidagi eng ahamiyatli jang

Misr sultoni Muzaffar Sayfuddin Qutuz rahmatullohi alayh boshchiligida hijriy 658 yil 15 Ramazon, milodiy 1260 yil 30 avgustda Falastinning Aynu Jolut nomli joyida mo'g'ullarga qarshi bo'lib o'tgan jang nafaqat Islom tarixida, balki jahon tarixidagi eng ahamiyatli janglardan hisoblanadi. O'sha paytda mo'g'ullar dunyodagi yengilmas kuch edilar. Ular qaerda, qachon va kim bilan jang qilsalar ham, albatta g'olib kelishardi.

Mo'g'ullar o'z yurtlaridan chiqib, Movarounnahr, Xuroson va boshqa diyorlarni vayron etdilar, Bag'dod, Damashq kabi Islom markazlarini kunnayakun qildilar. Boshqa joylarni ham zabt etib, aholini qirib, diyorlarni vayron etib bo'lganlaridan so'ng Misrga ko'z olaytira boshladilar.

Mo'g'ullarning lashkarboshisi Xulaguxon qirqta elchi orqali Misr sultoni Muzaffar Sayfuddin Qutuzga tahdid nomasi yubordi. Sayfuddin Qutuz amirlar bilan maslahatlashib, mo'g'ullarga qarshi urush boshlashga qat'iy qaror qildi. U amirlarga jangga hozirlanish, Misr va Shomdan askar yig'ish haqida buyruq berdi. Alloh taolo va Uning Rasuli yo'lida jihod e'lon qildi. Mol jamlab, askar uchun kerakli narsalarni sotib ola boshladi. O'sha vaqtning katta ulamolaridan bo'lgan Izzuddin Abdussalom jang uchun taqinchoqlar va gavharlarni sotish haqida fatvo chiqardi.

Ikki taraf yurib kelib, hijriy 658 yil 15 Ramazon, juma kuni Falastinning Noblus va Biyson shaharlari orasidagi Aynu Jolut - Jolut bulog'i degan joyda to'qnashdilar. Ikki tarafning askarlari soni yigirma mingtadan edi. Xulagu Qora Qurumga ketgani uchun mo'g'ullarga Qutbug'a qo'mondonlik qilardi.

Malik Muzaffar Sayfuddin Qutuz o'z lashkarini ikkiga taqsimladi. Birinchi qism Zohir Biybars rahbarligidagi old qism bo'lib, dushman tomon bostirib borishi kerak edi. Ikkinchisi ehtiyot qism bo'lib, vodiylarda va tepaliklar ortida dushmanni poylab turardi.

Zohir Biybars o'z askarlari bilan dushman tomon bostirib bordi va o'zini qochgan qilib ko'rsatib, hiyla yo'li bilan ularning otliqlarini


pistirma tomon yetaklab keldi. Shunda shay bo'lib turgan Sayfuddin Qutuz oʻz odamlari bilan birdan hamla qilib, mo'g'ul otliqlarni qirib tashladilar. Qutbug'a esa odamlari gʻalaba qozonmoqda, degan xayol bilan oldinga tashlandi. Shunda musulmon askarlar ularni o'rab oldilar.

Jang davomida musulmonlarning holi og'irlasha boshladi. Shunda Sayfuddin Qutuz o'zi oldinga otilib chiqdi. Dubulg'ʻasini yerga urdi-da, bor ovozi bilan «Voo Islamoooh!!!» deya na'ra tortib, dushman tomon hamla qildi. Uning ortidan mardonavor askarlari ham dushmanga tashlandilar. Mo'g'ullarning qo'mondoni Qutbug'a qatl qilindi. Uning amirlari ham o'ldirildi. Mo'g'ullar umrlarida birinchi marta chekina boshladilar. Musulmonlar Bisongacha ularni qatl qilib, asir qilib bordilar. O'sha yerda mo'g'ullarning qolgan-qutgan askarlari bilan yana jang qizigandan qizidi. Musulmonlar jon-jahdlari bilan jang qildilar. Nihoyat, Alloh taolo ularga buyuk nusrat va ulkan g'alabani yor qildi...

Vaqt o'tishi bilan mo'g'ullar ham Alloh taoloning oxirgi va mukammal dinini tan olib, musulmon bo'ldilar va bora-bora yerlik musulmonlarga aralashib ketdilar. Bu ham insoniyat tarixida misli ko'rilmagan ish bo'lib, Islomning buyuk g'alabasi edi. Tarixda hech qaysi avvaliga g'olib sanalgan xalq o'zi mag'lub qilgan xalqning diniga bu shaklda kirmagan edi

@sahobiy_uz

Kanalimizni kuzatib boring
@islomda_fakt