Get Mystery Box with random crypto!

Chet elda yashaydigan Oʻzbekistonlik immigrantlar bilan gaplas | Iqtisodchi Kundaligi

Chet elda yashaydigan Oʻzbekistonlik immigrantlar bilan gaplashganda ular bir narsani juda toʻgʻri payqashadi — Oʻzbekistonda vaqt sekin oʻtadigandek, vaqtda baraka bordek, suhbatlar uzunroq, samimiyroq tuyuladi. Kunlar ham qandaydir bir maromda sokinroq oʻtgandek tuyuladi. Bu narsani ayniqsa oʻz kasbida muvaffaqiyatlilar koʻproq sezishadi.

Bu narsani men “taʼtil” orqali tushuntirar edim, yaʼni Oʻzbekistonda vaqt sekinroq va sokinroq tuyulishini sababi ular vatanga borganda taʼtilda borishadi, oʻzlari sokinroq oʻzlarini his qilganlari uchun, boshqalarni ham hayoti va vaqti barakaliroq, samimiyroq va umuman qandaydir halovatliroq tuyuladi deb oʻylar edim.

Yana bir tushuntirish bugungi Marginal Revolutiondagi gʻoyada ham bor ekan. “Linder teoremasi” deb aytyapti Alex Tabarrok. Gʻoya shundaki boyish albatta hayot sifatini oshiradi, lekin sutkada 24 soat vaqt koʻpayib qolmaydi. Yaʼni vaqtning alternativ xarajati shartli AQShda, Oʻzbekistondan koʻra balandroq va aynan buni optimizatsiyasiga ishlatilgan mental kuch odamlarda boyagi tuygʻuni sababi boʻlishi mumkin. Tabarrokni posti umuman boshqa narsa haqida, lekin juda toʻgʻri shekilli.

Oʻzbekistonni ichida ham, menimcha buni koʻrish mumkin. Masalan katta shahardan kichikroq qishloqqa borib qolsak — u yerda vaqt sekinroq oʻtayotgandek tuyuladi, odamlarda halovati koʻproqdek va hokazo. Sabablaridan biri alternativ xarajatlar boʻlishi mumkin ekan, nafaqat qishloqqa taʼtilga borishimiz bilan.