Get Mystery Box with random crypto!

Bugungi kun hodisalarini quyidagicha izohlayman. Oʻzim uchun a | Iqtisodchi Kundaligi

Bugungi kun hodisalarini quyidagicha izohlayman. Oʻzim uchun albatta, lekin qiziq boʻladi deb kanalga ham qoʻydim. Birinchidan, Prigojin qurolli odamlarga hukumat binolarini olishni buyursa ham, rus qurolli kuchlariga tegishli samolet va vertolyotlarni urib tushunishni buyursa ham ular buyruqlarni bajarishdi. Bu degani, Prigojin subyekt.

Ikkinchidan, Rus harbiylari bemalol muzokaralar olib borishdi. Videoni koʻrgandirsizlar. Yunusbek Yevkurov — Rossiya qahramoni, juda taniqli harbiy (menimcha Rossiyadagi eng taniqli harbiy ofitser), mudofaa vaziri oʻrinbosari, choy ustida endi nima qilishi va sizlab yoki senlab gapirish haqida ancha eerkin muzokaralar qilgan boʻlsa, Alekseev — bosh shtabni boshligʻi oʻrinbosari, eng muhim harbiy istixborot (GUR)ning eng katta ofitseri oʻzining toʻgʻridan toʻgʻri ikki boshligʻi Bosh Shtabni boshligʻi Gerasimovni va mudofaa vazirini Shoyguni Prigojin olib ketmoqchiligi haqida gapirganida, “zabirayte” — yaʼni olib ketaveringlar deb javob qildi. 

Uchinchidan, qoʻzgʻolonchilarni qonunga chaqirib toʻxtatish oʻrniga, Rossiya rahbariyati Prigojin bilan Lukashenko orqali muzokaralar qilib Prigojinga va barcha qoʻzgʻolonchilarga erkinlikni vaʼda qilishdi va ochilgan jinoiy ishlarni yopib yuborib — davlat degan institutni oxirigacha poymol qilishdi. Ertalab ochilgan ishlar, kechga borib yopildi.

Toʻrtinchidan, Rossiya haqiqatdan yaxshi qoʻriqlanmas ekan. Mudofaa deyarli mavjud emas. Albatta bir necha oʻn harbiy pilot ham halok boʻldi, lekin deyarli hech qanday qarshilik koʻrsata olmadi mudofaa vazirligi kuchlari. Nafaqat harbiy maʼnoda balki isitixborot va axborot maʼnosida ham zaif ekan Rossiya. Prigojin janubiy harbiy okrugni egallaganidan soʻnggina Oka daryosi ustidagi mostlarda harakatlar boshlandi, toʻsiqlar qilishdi, bordyurlar qoʻyishdi va yoʻllarni qazishni boshlashdi. Demak axborotni harbiylar bizga oʻxshab internetdan olibgina harakat qila olishdi. 

Beshinchidan, Rostovga kelishda ham, ketishda ham Vagnerni quchoq ochib kutib olishdi va xayrlashishdi. Odamlar ularga qahramondek qarashdi. Internetda shartli liberal Xodorkovsiydan tortib, shartli oʻng fashistlar ham Vagnerni qoʻllab quvvatlashlarini aytishdi. Eng kamida, nafratini aytishmadi. Buni hammasi 24 soatdan kam vaqtda sodir boʻldi, bordiyu Moskvaga kirishganida yoki bir ikki kun shaharlarni egallab turishganida yana qancha kuchlar Vagner bilan birga boʻlishini aytar edi. Bu narsa rus davlatchiligiga katta zarba. Bir tomondan prezident ularni xoin va mamlakatga qarshi jinoyatchi deb aytib turibdi, bosh prokuror jinoiy ish ochyapti, joylarda esa odamlar ashulalar aytishgan, generallar choy ichishgan. 

Bularni hammasi “Qirol aslida kiyimsiz” ekanini yaqqol koʻrsatib qoʻydi. Hukmning va ayniqsa avtoritar hukmning qiziq tarafi — uning legitimlik bazasi juda zaif va qandaydir afsonaga qurilishi kerak. Putinda bu harbiy va deylik istixborot masalasida qudrati edi. Odamlar oʻylar ediki Putinda kuchli armiya va maxsus xizmatlari bor, ular kuchli, bilguvchi va qudratli. Aynan shu mifni ustida Putin legitimligi turar edi. Reallik koʻrsatdiki bir necha ming xususiy harbiy kompaniya ishchilari mudofaa markazlarini tezda egallab olay olishadi va markaziy kuchlar hech nima qila olishmas ekan.

Bonus fikr: gʻarb nihoyatda qoʻrqar ekan Rossiyada kuch markazsizlashuvidan. Buni endi hamma bilar edi-ku (masalan SSSR qulaganida ham gʻarbdagilar 15 qismga ajrashini tarafdori emas edilar), lekin baribir aytilishi kerak gʻoya. Ularga shimoliy yevraziyada iloji boʻlsa bir odam bilan ish qilish osonroqdek tuyular ekan. 

Xulosalarim hozircha shu.