Get Mystery Box with random crypto!

O’tgan yili shu kunlarda urush hademay boshlanadi deb o’tirgan | Iqtisodchi Kundaligi

O’tgan yili shu kunlarda urush hademay boshlanadi deb o’tirgan edim.

O’tgan yili shu paytda yozgan postlarimni o’zimga o’qish qiziq bo’lyapti. O’sha paytda kelajak qanday bo’lishini bilmasdan yozgan edim - kelajakni bilmasdan qanday fikrlaganimni eslamoqdaman.

O’sha paytda bir xil narsalarni aniq bilmagan edim.

Rus qo’mondonlari 24 fevral kuni bir to’da Rosgvardiyachilarni paradda yuradigan kiyimlari bilan birga yaxshi himoyalanmagan avtomobillarda, yoqilg’isiz, Kyivni zabt etishga yuborishini normal deb o’ylashlarini.

Rosgvardiyachilar Moskva va katta shahar markazlarida huquq himoyachilarini qo’llarini qayirib avtozaklarga tiqishni bilshadigan millitsiyaviy tuzilma edi. Yaxshi qurollangan regulyar armiyaga qarshi, Oliy iqtisodiyot maktabida o’qiydigan student qizlarni qamash bilan shug’ullanadigan odamlarni yengil qurollar bilan yuborishini tasavvur qilmagan edim. Ular haqiqiy harbiylarga qarshi umuman kurashishni bilmaydigan guruhlar edi va birinchi kuni yonib ketishdi.

Xuddi shunday, himoyalanishi zaif bo’lgan vertolyotlarda, Ruslar o’z desant qo’shinlarini - Kyiv yonidagi aerodromga yuborishi ham kutilmagan edi. Desant qo’shinlari, xuddi gvardiyaga o’xshagan kvazipolitsiya kuchlari. Yengil qurollangan bu qo’shin, o’zi haqida afsonalarni yozda hiyobonlarda ochki kiygan talaba yigitlarni boshiga pivoni butilkasi bilan urish orqali va o’tib ketayotgan qizlarga tegajonlik qilib yaratib olishgan.

Ha, desant rus armiyasini “elitar” qo’shinlari. Lekin ular aynan politsiyaviy operatsiyalar uchun ishlatiladigan va ishlashni biladigan qo’shin. Ular o’ta yengil qurollangan va regulyar urush uchun umuman to’g’ri kemaydigan qo’shin turi. Masalan, sobiq Afg’oniston prezidentini qarorgohiga kirib uni o’ldira olishar edi. Yoki Praga aeroportidagi bir nechta qorovulni o’ldirib, aeroportni ushlab turish uchun ularni ishlatishgan. Yoki hech qanday harbiylar qarshilik ko’rsatmaydigan Qrim mamuriyati binolarini egallash uchun yaxshi vosita bo’lishi mumkin edilar. Xuddi shunday, Qozog’istondagi to’polonlarni tinchlanitirish uchun ishlatilishgan. Bular hammasi politsiyaviy operatsiyalar. Lekin politsiyaviy operatsiyalar bilan harbiy operatsiyalar mutlaq farq qiladi: harbiylarda haqiqiy, normal og’ir qurollar bor. Ukrainalik regulyar harbiylar ham, o’sha Gostomeldagi desantni bemalol qirgani natijasida, bugunga kelib, eng kamida, rus desantini yarimi kurash uchun yaroqli emas. Shuni albatta kutmagan edim va tasavvur qilmagan edim. O’z raqiblarini shunchalik kamsitib, o’zlarini shu darajada zo’r deb o’ylashadi deb o’ylamagan edim. Urushni politsiyaviy “tinchlantirish” opertatisyasidek o’ylashgan.

Xuddi shunday, Chechen rosgvardiyachilari ham urushga borib, bilib turib, qirilib ketishiga ishonish qiyin edi. Axir Chechnyada juda kichik bo’lgan va deyarli qurollanmagan siyosiy raqobatchilar yoki terror guruhlarga qarshi operatsiya qilgan chechen rosgvardiyasi, tabiiyki regulyar armiyaning og’ir qurollangan moto-o’qchilarlarni oldida ip esha olmay qoladi. Hozir chechenlar deyarli urushmayotgani, ular to’g’ri xulosa qilganidan dalolat deb o’ylayapman.

O’ylab qarasak, desant va rosgvradiya qo’shinlari haqiqiy regulyar armiyaga qarshi umuman kurashishga yuborish ularni atayin o’ldirib yuborishga o’xshagan harakatga o’xshaydi. Lekin menimcha, rus qo’mondonlarini katta xatosi, o’zlarini armiya haqidagi propagandasiga, o’zlari ishonib qolishganida edi. Ya’ni rus qurolli kuchlari urush qila olmasliklarini eng kamida o’sha qo’mondonlari ham bilmagan ekan. Chunki ularni urushni boshida qilgan hatti harakatlarini boshqacha tushuntirish mumkin emas.

Boshqa tarafdan, bu takkaburlikni yaxshi taraflari shunday iboratki, Ukrain askarlari - vatan himoyachi va qahramonlari, quruqlikdagi dunyoni eng katta armiyasini eng “elitar” qo’shinlarini bir necha haftada tor-mor qilib tashlashdi. Shu narsa urushni qanday kechishi uchun o’ta muhim edi. Ayniqsa psixologik nuqtai nazardan.