Get Mystery Box with random crypto!

Shahar ichida 50km/s ga tezlikni tushirish kerakligi haqida mu | Iqtisodchi Kundaligi

Shahar ichida 50km/s ga tezlikni tushirish kerakligi haqida mulohazada, bir narsaga ahamiyat berishingizni xohlar edim. Albatta, Oʻzbekistonda mutlaq kamchilikda avtomobil bor, hatto 10% insonlarda ham avtomobil borligi aniq emas. Lekin shunga qaramasdan, Oʻzbekistondagi barcha infratuzilma, avtomobilchilar uchun qilinganga oʻxshaydi. Bu tushunarli, qaror qabul qiluvchilar va jamiyatdagi mulohazaga taʼsir etuvchilarni 100% mashinada yuradi va ular bexosdanmi, atayinmi, boshqalar ham avtomobilda yuradi deb o’ylashadi.

Men avtohalokatlar natijasidagi oʻlimlar statistikasiga ahamiyat berib kelaman, biz dunyodagi eng koʻp avtomobil urib ketib oʻladiganlarga kirmaymiz, aholi jon boshiga sanasak. Lekin muammo shundaki, avtomobil jon boshiga sanasak — janubiy sharqiy Osiyodagi ixtiyoriy mamlakatdan oʻlimlar bizda koʻproq. Oddiy qilib aytsam, bizda mashinalar kamligi, oʻlimlik darajasini pasaytirib turuvchi mexanizm. Lekin shunda ham, raqamlar qoʻrqinchlik, yiliga minglab vatandoshlarimiz, avtohalokatlardan joyida vafot etishmoqda. Buning ham, siyosiy iqtisodiyoti bor deb oʻylayman. Oʻlimlarni qarasangiz, asosan, piyodani avtomobil urib ketishini koʻrasiz. Demak, oʻlimlarni ham daromadlar kesimida, bir narsani koʻrish ehtimoli bor: avtomobilda harakat qiladiganlar ichida — oʻlim statistikasi unchalik katta emas. Yaʼni, qaytaraman, avtohalokatlardan oʻlimlar albatta juda koʻp, lekin qaror qabul qiluvchilar orasida buni ehtimoli, piyoda yuruvchilardan kamroq. Shuning uchun ham, aksar qaror qabul qiluvchilar — avtomobil haydovchilari boʻlgani uchun buning farqi yoʻq. Oddiy masala: bizda birorta davlat arbobi, hokim yoki yoki byurokrat oʻzi piyoda yurmadi. Avtomobilda yuradi, buni ustiga xalq hisobidan olib berilgan yoqilgʻi, mashina va haydovchisi ham bor. Hatto umuman mashina kerak boʻlmagan mansab egalarida ham, xizmat avtomobili bor (masalan, qaysi vazir yoki hokimga mashina “kerak” desangiz, men bir 10 ta dan koʻp lavozimni sanab bera olmayman).

Bundan xulosa shundaki, agar avtohalokatlar bu qandaydir kasallik kabi, barcha odamlarga taʼsir koʻrsatishi bir dek boʻlganida, bunday raqamlarga befarq boʻlmas edik. Lekin qaror qabul qiluvchilar uchun buni taʼsiri boshqa Oʻzbekistonliklardan bir necha barobarga farqlangani uchun, befarqlikni yovuzlik deb oʻqimas edim. Shunchaki, rostdan ham katta muammo deb oʻylashmaydi. 50km/s masalasini ham shunday oʻqish kerak.