Get Mystery Box with random crypto!

Konstantin Sonin, Rossiya qanday boʻlishi haqida juda qiziq na | Iqtisodchi Kundaligi

Konstantin Sonin, Rossiya qanday boʻlishi haqida juda qiziq narsalar yozmoqda. Oʻqishni maslahat qilaman. Uning fikricha fuqaroviy urush va banditizmni rivojlanishi uchun barcha masalliqlar tayyor.

Hozirgi vaqtda bir narsa eʼtiborli — rus qurolli kuchlari va xavfsizlik organlariga kelayotgan insonlarni asosiy motivi iqtisodiy boʻlgan. Yaʼni imtiyozli uy olish, yaxshi oylik va 45 yoshdan pensiyaga chiqib yaxshi pensiya olish imkoniyati juda zoʻr taklif boʻlgani uchun, kambagʻal viloyatlardan koʻpchilik aynan harbiy va xavfsizlik formalarini kiyishga shay boʻlishgan edi. Aytmoqchi, Rossiya tarafda urush qilayotgan oʻzbeklar ham, iqtisodiy sabablarga koʻra qoʻshilishgan edi. “Dokumentlarni” qilib olish va rus mehnat bozorida ishlash, afsuski koʻp oʻzbekistonliklar uchun ham jozibador taklif boʻlib kelmoqda.

Endi qarang, Sonin toʻgʻri aytmoqda, urush tugaganidan soʻng, amaldagi Rossiya tuzgan kontraktlarni keyingi hukumat — uning ideologiyasi qanday boʻlishiga qaramasdan amal qilmaydi (qila olmaydi chunki). Xuddi Sovet tizimi qulaganidan keyin, imtiyozli roʻyxatdan kvartira olish istagida turgan minglab soldat va ofitserlar oʻsha vaʼdalarsiz qolgani, xuddi shunday vaʼda berilgan harbiy pensiyalarsiz qolgani kabi, hozirgi rus soldat va ofitserlarga hech kim ular hozir kutayotgan moliyaviy kelishuv shartlarini bajarmaydi. Yoki inflyatsiya hisobidan, yoki boshqa sabablar bilan, oʻsha askar va ofitserlarni kelajakdagi moliyaviy ahvoli yomonlashadi.

Muvozanat uchun bu narsa nimani anglatadi? Harbiylar bunday boʻlishini hali bilishmaydi. Men oʻylaymanki, hozir Rossiya hukumati askar va ofitserlarni oyliklari va kelajakdagi oylik uchun vaʼdalarni yanada oshiradi — sababi — bu kontraktlarga amal qilish shart boʻlmaydi. Natijada yana bir necha ming odam aldanadi.

Soninga koʻra, bunday narsa fuqaroviy urush kabi oqibatni ehtimolini oshiradi. Kuzatamiz.

https://t.me/ksonin/352