Get Mystery Box with random crypto!

Qirol boʻlmagan Prezident. Kecha juda bir ajoyib joyga bordi | Iqtisodchi Kundaligi

Qirol boʻlmagan Prezident.

Kecha juda bir ajoyib joyga bordim — Hamilton myuziklga. Menimcha, teatr va qoʻshiq sanʼatining nihoyatda yuqori choʻqqisi bu Hamilton myuzikli boʻlsa kerak. Bundan oldin ham, bu myuziklni deyarli barcha qoʻshiqlarini eshitgan edim — yaʼni myuzikldagi deyarli barcha ketma-ketlikni bilar edim, lekin oʻz koʻzim bilan bunday shouni koʻrish juda boshqacha boʻlar ekan. Albatta, bu myuzikl haqida soʻzda aytish qiyin — “AQShning inqilobiy urushi va mamlakat konstitutsiyasi yaratilishi haqida hip-hop janrida kuylashadigan” sanʼat asari deb yozilsa gʻalati eshitilishi mumkin. Shuning uchun, shu myuziklni koʻrishni tavisya qilar edim. Internetda ham bor. Oʻzi umuman Brodveydagi myuzikllar, jumladan, “Book of Mormon” ham, masalan juda ham zoʻr, lekin mavzudan chetlab ketdim. Myuzikl paytida kelgan fikrlarimni aytmoqchi edim.

Bu syujetlar myuziklda yoʻq, lekin myuzikl meni shu haqda oʻylashimga sabab boʻldi. Myuzikl asosan Hamilton haqida, Vashington haqida emas.

Xullas inqilobiy urushdan keyin — AQSh mustaqil davlat boʻlib eʼlon qilinadi va Jorj Vashington — urushni yutgan general va mintaqadagi eng muhim harbiy, tabiiyki prezident boʻlib saylanadi. Aynan shu joyi juda diqqatga qiziq, hali prezident boʻlishidan ham oldin, Yorktaun jangidan soʻng bir guruh ofitserlar unga qirol boʻlib oʻzini atashni va AQShni Vashingtonning monarxiyasi deb nomlashni taklif qilishadi. Bu narsa, 18-asr uchun juda normal holat edi. Bunday qudratli general, dunyodagi eng kuchli armiya ustidan juda qiyin jangda gʻalaba qozonganidan soʻng oʻzini “qirol” deb nomlasa — hech kim, jumladan Britaniya qiroli ham qarshi boʻlmas edi. Lekin Vashington bunday qilmaydi — va bu mavzuga qaytib kelishlariga yoʻl qoʻymaydi.

Xuddi shunday, Hamiltonga aloqador joyi — hali konstitutsiya qabul qilinishidan oldin, kongress va armiya oʻrtasidagi nizoda, armiya Vashingtonni oʻz tarafida boʻlishini soʻraydi — Hamilton ham, armiya taraf boʻladi (oʻzi aytmoqchi, menga shaxsan Hamiltonni juda koʻp “etatik” gʻoyalari yoqmaydi) va Vashington armiyadagi hukumatga qarshi ofitserlar bilan birga boʻlishini xohlaydi, lekin Vashington oʻshanda ham bunday narsadan voz kechadi. Uning fikricha “qurolli kuchlar [siyosiy maqsadlarga erishish uchun] juda xavfli vosita” deydi. Aytmoqchi boʻlganim, Vashington yakkahokimlikni hali konstitutsiya yozilishidan oldin kamida ikki marta bemalol qoʻlga kirita olar edi, lekin unday qilmaydi.

Vashingtonning eng muhim tarixiy ishi, prezident boʻlganidan keyin sodir boʻladi — u taxtdan oʻzi voz kechib, saylovlarda keyingi prezident tayinlanishini ustida bosh boʻladi. Aynan shu ishi — 1797 yilda Jon Adamsni hukumatga kelishi, menimcha, Vashingtonni zamonamizning eng muhim siyosatchilari qatoriga kiritishga boʻldi. U respublikani asl mohiyati yakkahokimlik emas, hokimiyatlar boʻlinishida ekanligini, soʻzlarda emas, amalda qiladi. Imkoni boʻla turib ham Kongressni chizigʻidan chiqmadi, imkoni boʻla turib ham yakka hokim boʻlmadi.

Vashingtonni urushni yutgani, inqilob qilgani kabi juda muhim yutuqlarini kamaytirmagan holda aytmoqchimanki, unday qilgan insonlar tarixda koʻp. 18,19 hatto 20 asrlardan oʻnlab shunday generallar Yevropalik kolonizatorlarga qarshi kurashishgan, koʻplari gʻolib ham boʻlgan. Uning asl tarixiy oʻrni u respublika boshqaruvi nafaqat nazariy jihatdan mumkinligini, balki hayotda ham eng oliyjanob tuzum ekanligini koʻrsatgani. Magʻlubiyatga uchragan va surgun qilingan Napoleon bularning koʻrib, “meni ham Vashington boʻlishimni bular xohlaydi” deganini eslaydi kishi.

Lekin shaxsan men, bu narsani tushuntira olmayman. Yaʼni nima uchun shunday bir qudratli ozodlik uchun kurashgan general, qirol boʻlib qolmay, jumhuriyat yaratdi? Oʻsha paytda bunday ishi tarixdagi anomaliya ekanini bilar edi, lekin kelajagi shunday porloq boʻlishini bilarmidi? Uning bunga motivatsiyasi nima boʻlgan?

Bu savollarim no-trivial deb oʻylayman.