Get Mystery Box with random crypto!

​ONAJON Topmoq – yo‘qotmoqdir, Yo‘qotmoq – topmoq, Sen so‘li | Iqtibosxona ✍

ONAJON

Topmoq – yo‘qotmoqdir,
Yo‘qotmoq – topmoq,
Sen so‘lib, men yashab, to‘lishimga boq.
Sensiz topganimdan ko‘proq yo‘qotdim –
Sen meni yupatding, seni yig‘latdim,
Sen meni yaratding, seni tugatdim.
Uyalmay ona deb, kelishimga boq!..

Sog‘inch haqda she’rlar yozdim o‘zimcha,
Mendan peshonangda dog‘lar tizimcha.
O‘g‘il bo‘lmay o‘lay, attang, ming attang.
Qiz tug‘sang netardi, ko‘proq qiz tug‘sang!..
Tirgak bo‘lolmadim bitta qizingcha,
Uyalmay shoirman deyishimga boq.

Joningdan aylanay, turgil, jonajon,
Yo‘l qarab bo‘ldimi jigarginang qon?
Boqma ko‘zlarimga bemajol, xasta,
Mening topganlarim gulmi bir dasta,
Yo‘qotganim senmi endi, Onajon?..
O‘z etimni o‘zim yeyishimga boq.

Bilsang yuragimni bir alam elar.
Buyursang qo‘limdan kelmaydi nelar,
Ayt, pichan yig‘aymi,o‘tin yoraymi,
Yerni haydayinmi, ko‘k ag‘daraymi?..
Itdek oyog‘ingga suykalgim kelar –
Uchib-uchib, mana qo‘nishimga boq.

Hech narsa kerakmas, bolam, hech, deysan.
Endi kech, deysan-da, endi kech, deysan.
Yuzimni bosaman muzday yuzingga,
Onajon, zor qilib ketma izingga!
O‘lim oldida ham g‘amimni yeysan,
Men-chi, jim, taqdirga ko‘nishimga boq.

She’rim bitdi, xayr, do‘stlar, xush qoling.
Bedil yashamakka o‘rganmang menday.
Boring, volidangiz ko‘nglini oling,
Ertaga kech qolib o‘rtanmang menday
.

Muhammad Yusuf

@iqtibosxona