Get Mystery Box with random crypto!

QUTLOV Shampani sharobdek toshadi ilhom, Qoʻllarda bodalar, q | Infinity blog

QUTLOV

Shampani sharobdek toshadi ilhom,
Qoʻllarda bodalar, qutlayman sizni.
Oshnalar, ulfatlar, sogʻinchli salom!
Onalar, otalar, qutlayman sizni.

Osonmi beboshlar qavmin boshqarish?
Boshliqlar qismati shundan yosh qarish.
Ilohim, tushmasin boshga boshqa ish,
Kattazang kattalar, qutlayman sizni.

Tomiri ajriqday chatishib ketgan,
Qoʻsha kallalari koʻklarga yetgan,
Yoqangdan olmasa yoqasin tutgan
Uyushgan qudalar, qutlayman sizni.

Oshingga oʻrtogʻu boshingga toʻqmoq,
Nomingga oʻrtoq u, nomiga oʻrtoq.
Mingga qoʻyar boshga kulfat tushgan chogʻ,
Dumlari xodalar, qutlayman sizni.

Ajal elchilari - xonasallotlar
Vijdon va iymondan tugal ozodlar,
Goʻdaklarga zahar tutgan jallodlar,
Doʻzaxi toʻdalar, qutlayman sizni.

Yangi Yil, amal ber amalparastga,
Shifo ber amaldorparast - marazga,
Shular olar doim qisti-qafasga,
Mugʻambir-soddalar, qutlayman sizni.

«Mushkulkushod» qilib, miynolar qoʻygan,
Hayitlar oʻtganda xinolar qoʻygan,
Havoyi baytiga binolar qoʻygan
Binoiyzodalar, qutlayman sizni.

Yuzmi bu deysanda, yuzmi yo oymi,
Qoshmi bu deysanda, qoshmi yo yoymi.
Koʻngilmi, deysan, bu karvonsaroymi?
Dilboz dilshodalar, qutlayman sizni.

Yil soʻngi, yil boshi - armon va orzu,
Otliq ham, yayov ham tutgay tarozi.
Alloh rozi boʻlsin, siz boʻling rozi,
Poyu piyodalar, qutlayman sizni.

Sofdil oʻzbegimning tilaklari oq,
Insofga kelsin der anov urushqoq.
Uylarda, oʻylarda oʻchmasin chiroq!
Koʻngli ozodalar, qutlayman sizni.

Zang ursa, toʻkilsin koʻngillar zangi,
Eski dardin toʻkib yuragim yangi,
Yil kelar, yil ketar, faqat xalq mangu!
Umri ziyodalar, qutlayman Sizni!

31.12.22

Iqbol MIRZO