Get Mystery Box with random crypto!

MENGA HIMMATLISI KERAKMAS ASLO Menga daholar kerakmas aslo, T | IMHO

MENGA HIMMATLISI KERAKMAS ASLO

Menga daholar kerakmas aslo,
Telbalar kerakdir shoʻxdil, begʻubor.
Dilbar janonlarni ne qilaman men?!
Kerakmas agarda boʻlsa dilozor.

Ozorlar jonimni ezar gohida,
Gohida ranjida qilar dilimni.
Eshitgingiz kelmasa, eshitmang hayhot,
Lek belgilay koʻrmang siz hech yoʻlimni.

Men ne qilaman soxta izhorni,
Menga joʻn boʻlsin-u, lek boʻlsin tirik.
Kerakmas ortiqcha soʻzlar behuda,
Menga bir qalb bering mangu yetgulik.

Bezamang, bezanmang, zeb bermang hech ham,
Qandayin boʻlsangiz, shundayin qoling.
Tortinmang, uyalmang, qilmasin alam,
Hurmatni bir nafas choʻntakka soling.

Yuguring, yeling-da oʻzingiz boʻling,
Koʻrinmang hech kimga bundan behuda.
Shamollarda uching, bulutda qoʻning,
Abadiy koshona quring sevgida.

Qochmang oʻzingizdan, yaqinroq keling,
Sizga oʻxshagani topilar mudom.
Aslingiz kabi koʻrining yoki
Koʻringaningiz kabi boʻling, vassalom.

Tamoman oʻzgarmang, endi boʻldi kech,
Tuygʻular ipini mahkam qoʻyvoring.
Dunyo tugʻilgandir ishqdan juda kech,
Hayot lazzatidan obdan toʻyvoling.

Menga chiroylisi kerakmas, biling
Koʻzi nurdan boʻlsin, oʻzi oʻzidan.
Oʻzgacha koʻrsatish kerakmas menga
Baribir bilvolaman qalbin koʻzidan.

Sarvarbek Habibulla

@Sarvarbek_ijodiyoti